Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-91
Telegram:
(+99890) 166-81-18
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 68
  • Ko`rib chiqilganlar 57
    • Takliflar 13
    • Arizalar 50
    • Shikoyatlar 5
  • Ko`rib chiqilmoqda 11

Universitet tarixi

Mustaqillik arafasida Farg‘ona davlat pedagogika instituti nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki O‘zbekistonning eng yirik va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri edi. 1989-1990 o‘quv yilida institutning 46 ta kafedrasida 530 dan ortiq professor-o‘qituvchilar mehnat qilar edilar. Ulardan 15 nafari fan doktori va 200 nafari fan nomzodi edilar. Oliy o‘quv yurtining 9 ta fakultetidagi kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlarida 7,9 ming talaba tahsil olardi. Institut tashkil topgan kundan 1990 yilga qadar 43 mingdan ziyod oliy ma’lumotli pedagoglar tayyorlandi.


O‘zbekistonning Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov respublikamiz mustaqilligi uchun sabot bilan kurash olib borgan 1989-1991 yillarda sobiq SSSR hamda O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy vaziyat tubdan o‘zgardi. Endilikda Islom Karimov va respublika hukumati ko‘p muammolarni markazning ko‘rsatmasi bilan emas, balki mustaqil tarzda hal qila boshladi. Mustaqillik ostonasida I.Karimov Farg‘ona pedagogika instituti bazasida universitet tashkil etish masalasini ham o‘rganib chiqib, uni ijobiy hal etishni ma’qul deb topdi.

1991 yil 1 martda O‘zbekistonning Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning imzosi bilan Farg‘ona shahrida pedagogika instituti negizida yangi oliy o‘quv yurti – universitet tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. SHunday qilib, mustaqillik e’lon qilinishi arafasida vodiyda birinchi, respublikada esa to‘rtinchi universitet – Farg‘ona davlat universiteti tashkil etildi. Universitetning birinchi rektori etib fizika-matematika fanlari doktori, professor M.Q.Qoraboev tayinlandi.

Keyingi yillarda universitetga fizika-matematika fanlari doktori, professor E.A.Abdullaev (1996-1999 yy.), fizika-matematika fanlari doktori, professor A.Q.O‘rinov (1999-2004 yy.), iqtisod fanlari doktori, professor M.Q.Ziyaev (2004-2005 yy.), biologiya fanlari doktori, professor M.H.Ahmedov (2005-2013 yy.), iqtisod fanlari doktori, professor Sh.X.Tashmatov (2013-2016yy), kimyo fanlari doktori, A.X.Xaitbaev (2016-2018yy)lar rektorlik qildilar. 2018 yildan boshlab universitetga texnika fanlari doktori, R.H.Maksudov rahbarlik qilib kelmoqda.

Farg‘ona davlat universitetining tashkil etilishi viloyat va butun vodiyning ijtimoiy va madaniy hayotida muhim voqea bo‘ldi. Universitet maqomidagi oliy o‘quv yurtining vujudga kelishi nafaqat yuqori malakali kadrlar tayyorlash, balki mintaqada ilm-fan taraqqiyoti uchun ham yangi ufqlar ochib berdi. Farg‘onada universitetning ochilishi bu erda yangi kadrlar va tadqiqotlar markazlarini tashkil etish, keng ko‘lamda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, fan va texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish hamda mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirishga munosib hissa qo‘sha boshladi.

«Moziyga qaytib ish ko‘rish – xayrli», deydilar. Farg‘ona davlat universiteti o‘zining shonli boy tarixiga ega. Bu tarix bevosita oldingi Farg‘ona davlat pedagogika instituti faoliyati bilan uzviy bog‘liq.

Farg‘ona oliy pedagogika instituti tashkil topganida uning tarkibida kolxozchi yoshlar fakulteti va ijtimoiy-iqtisodiy hamda tabiiyot-biologiya bo‘limlari bo‘lgan. Dastlab institutga atigi 120 nafar talaba qabul qilindi.

Farg‘ona oliy pedagogika institutining birinchi direktori etib professor A.M.Krasnousov tayinlandi. O‘quv bo‘limining mudiri dotsent S.N.Mishin, bo‘lim boshliqlari F.M.Burnashev va R.K.Otajonovlar edilar. Institut zimmasiga kolxozchi yoshlar maktablari uchun oliy malakali o‘qituvchi kadrlar tayyorlash va maktablarga uslubiy xizmat ko‘rsatish vazifasi yuklatildi.

Dastlab institutga faqat bitta bino – 1902 yilda G.M.Svarichevskiy loyihasi asosida qurilgan sobiq o‘g‘il bolalar gimnaziyasi binosi ajratilganligi sababli o‘quv xonalari etishmasdi. Talabalarni turar-joy bilan ta’minlash masalasi ham birdan hal bo‘lmadi.

Abiturientlarni institutga qabul qilish borasida ham talay muammolar mavjud edi. Masalan, maktablarda ta’lim-tarbiya darajasi past bo‘lganligi sababli ko‘p abiturientlar mustahkam bilimlarga ega emas edilar. 1930 yilning birinchi semestrida institutda 140 nafar talaba o‘rniga 120 nafar talaba tahsil ola boshladi. Institut direktori professor A.M.Krasnousov rahbar organlarga yozgan bildirishnomasida qabul qilingan ayrim talabalarning umumiy bilim darajasi va ijtimoiy-siyosiy saviyasi pastligini e’tirof etgan edi.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida 1930 yil 6 mayda O‘zbekiston maorif xalq komissarligi kollegiyasida «Farg‘ona shahridagi oliy pedagogika instituti komplektlanishining borishi to‘g‘risida»gi masala muhokama etildi. Qabul qilingan qarorda Samarqand shahridagi 1- va 2-sonli hamda Toshkentdagi 3-sonli erkaklar pedagogika texnikumlari bitiruvchilarini Farg‘ona pedagogika institutiga o‘qishni davom ettirish uchun yuborish ko‘zda tutildi. O‘qishga qabul qilingan talabalarga ma’lum imkoniyatlar yaratish maqsadida maorif xalq komissarligi 1930 yil 5 iyunda Farg‘ona pedagogika instituti talabalari stipendiyalarini oshirish va uni o‘rta hisobda 50 so‘mga etkazishga qaror qildi. O‘z vaqtida etarli darajada o‘rta ma’lumot ololmagan ishchi-dehqon yoshlarini institutga kirishga tayyorlash maqsadida uchta maxsus ishchi fakultetlari (rabfaklar) tashkil etildi, ulardan bittasi o‘zbek qizlari uchun mo‘ljallangan edi.

Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, 1930 yilning kuziga kelib, Farg‘ona oliy pedagogika institutiga rejada belgilangandan ko‘proq talabalar qabul qilindi, ularning sifat tarkibi birmuncha yaxshilandi. 1930 yilning 16 oktyabrida institutda tahsil olayotgan talabalar soni 160 tani tashkil etdi. Qabul qilingan talabalarning 75 nafari o‘zbeklar bo‘lib, ulardan 19 tasi xotinqizlar edi.

Yangi tashkil topgan institutni malakali o‘qituvchi kadrlar bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega edi. Sobiq SSSR maorif xalq komissarligining yo‘llanmasi bilan Farg‘onaga bir guruh Rossiyalik taniqli olimlarning kelishi institutni yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar bilan ta’minlash imkoniyatini berdi. 1930 yilning sentyabriga kelib, Farg‘ona oliy pedagogika institutida 23 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatardi. Ulardan 4 nafari professor va 6 nafari dotsent ilmiy unvoniga ega edi. Institut faoliyat ko‘rsata boshlagan dastlabki davrda bu erda professorlardan E.E.Sirotin fizikadan, S.A.Averinsev zoologiyadan, B.Cho‘ponzoda, V.M.Chistyakov filologiyadan, A.V.Lankov matematikadan, dotsentlar S.V.Petrechenko pedagogikadan, I.G.Volkov iqtisodiyotdan, V.A.Tenin, A.K.Kudrevatov va K.Ya.Parmenkovlar kimyodan, assistentlardan I.D.Nikolskiy botanikadan, A.K.Konchevskiy chizmachilikdan, A.K.Tislegin odam anatomiyasi va fiziologiyasidan, A.Qodirov tarixdan, G.G.Trolle fizikadan talaba yoshlarga saboq berganlar.

Institut vodiyda yagona oliy o‘quv yurti bo‘lganligi bois, bu erda nafaqat maorif, balki xalq xo‘jaligining boshqa sohalari, jumladan, qishloq xo‘jaligi uchun ham kadrlar tayyorlash zarur deb topildi. Shuning uchun ham, O‘zbekiston maorif xalq komissarligi kollegiyasining 1931 yil 13 yanvarda qabul qilgan qaroriga binoan, institutda agronomiya bo‘limi ochildi. Farg‘ona oliy pedagogika institutining nomi «Agronomiya-pedagogika instituti» etib o‘zgartirildi. Institut direktori etib B.Qoriev tayinlandi. Agropedagogika instituti tarkibida til va adabiyot, fizika-matematika, kimyo va biologiya hamda agropedagogika bo‘limlari tashkil etildi. Institutning vazifalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha ikkita bo‘lim – maktabgacha tarbiya va maktabdan tashqari tarbiya bo‘limlari ham faoliyat ko‘rsata boshladi.

Ammo tez orada institutning nomi va tarkibi yana o‘zgartirildi. Bu hol mamlakatda umumiy boshlang‘ich ta’limni joriy etish bilan bog‘liq edi. Maktablar yoshlarga chuqur bilim berishi, ularni texnikumlar va oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorlashi lozim edi. Ya’ni maktab, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida ta’limning davomiyligi va uzluksizligini ta’minlash zaruriyati paydo bo‘ldi. SHu munosabat bilan 1932 yilning yanvaridan boshlab institutda kolxozchi yoshlar maktablari uchun fanlar turkumidan dars beruvchi o‘qituvchilarni emas, balki umumta’lim maktablari, texnikumlar hamda ishchi fakultetlari uchun aniq fanlardan dars bera oladigan o‘qituvchi kadrlar tayyorlashga o‘tildi. SHuningdek, institut tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi: agropedagogika bo‘limi yopildi, fizika-matematika va kimyo-biologiya bo‘limlari esa alohida fanlarga ixtisoslashgan fakultetlarga bo‘lindi. Natijada institutda 6 ta fakultet tashkil etildi. Bular til va adabiyot, matematika, fizika, kimyo, biologiya va tarix fakultetlari edi. Institutning tarkibi va vazifalariga mos ravishda uning nomi o‘zgartirilib, Farg‘ona davlat pedagogika instituti deb atala boshlandi. 1933 yilning may oyidan 1937 yilning sentyabrigacha institutni yangi direktor G.P.Ijbuldin boshqardi.

Respublikada xalq maorifining tez rivojlanishi oliy malakali pedagoglarga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib keldi. Shu boisdan boshqa oliy pedagogika o‘quv yurtlari singari Farg‘ona davlat pedagogika institutida ham kadrlar tayyorlash ko‘lami kengaya boshladi. Yildan-yilga o‘qishga qabul qilingan talabalarning soni oshdi. Shunga mos ravishda institutda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning soni ko‘payib, ilm dargohining moddiy-texnikaviy bazasi mustahkamlanib bordi.

Institut faoliyatining dastlabki bosqichida yildan-yilga talabalarning sifat tarkibi yaxshilanib bordi. Tolibi ilmlar orasida mahalliy millatga mansub yoshlar va xotin-qizlarning salmog‘i oshib borganligi diqqatga sazovordir. Agar 1930 yilda 160 nafar talabadan 113 nafari o‘zbek va 16 nafari boshqa mahalliy millat vakillari bo‘lgan bo‘lsa, 1938-1939 o‘quv yilida kunduzgi bo‘limda ta’lim olayotgan 414 talabadan 184 nafari o‘zbek, 4 nafari tojik va 8 nafari qirg‘iz millatiga mansub edi. Institut tashkil topganida 19 nafar xotin-qizlar o‘qishga qabul qilingan edi. 1938-1939 o‘quv yilida esa ularning soni 123 tani tashkil etdi.

Institut professor-o‘qituvchilarining sifat tarkibi ham yaxshilanib bordi. Rossiyaning markaziy shaharlaridan taklif etilgan mutaxassislar bilan birga institutda O‘rta Osiyo davlat universiteti va RSFSR oliy o‘quv yurtlarini bitirgan yosh o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsata boshladi. 1933 yilda Farg‘ona davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilarining soni 46 kishini tashkil etdi. Ulardan 10 nafari professor va 15 nafari dotsent ilmiy unvoniga ega edilar. 1938-1939 o‘quv yilida esa institutda professor-o‘qituvchilarning soni 118 taga etdi, ulardan 7 nafari professor, 66 nafari dotsent va katta o‘qituvchilar edi.

Institutni birinchilar qatorida bitirib chiqqan yosh mutaxassislar orasida keyinchalik akademik ilmiy unvoniga ega bo‘lgan Vohid Abdullaev ham bor edi. O‘sha davrlarni eslab, u quyidagilarni yozgan edi: «Men institutning birinchi qaldirg‘ochlari qatorida tahsil ko‘rib, 20 yoshimda madaniyat va ma’naviyat frontiga otlangandim. Ilmiy izlanishlar, baholi qudrat qilgan xizmatlarimga yarasha faxriy unvonlar, orden va medallar sohibi bo‘lishimdan qat’i nazar, hali ham o‘sha talabalik davrim, otashqalb yoshligim bilan yashayman. O‘qiyman, o‘rganaman, kitoblar yozaman. Zero, institutim, zabardast professorlarimiz meni ham, tengdoshlarimni ham ana shunday ruhda tarbiyalaganlar».

Ta’lim sifatining yaxshilanib borishida institut moddiy-texnikaviy bazasining mustahkamlanishi muhim ahamiyatga ega edi. 1939 yil institutda 2 ta o‘quv binolari (hozirgi fizika-metematika hamda tarix va iqtisod fakultetlari binolari) ishga tushirildi. Auditoriya fondi ko‘payib, yangi o‘quv laboratoriyalari va kabinetlar tashkil etildi. Urushdan oldingi yillarda Farg‘ona davlat pedagogika instituti hayotida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarda

1937-1939 yillarda direktorlik lavozimida ishlagan I.M.Presnuxin, 19391940 yillarda institutga rahbarlik qilgan Ya.Veliev va 1940-1942 yillarda ishlagan L.R.Sadikovlarning xizmatlari katta bo‘ldi.

1936 yildan boshlab institutni bitirgan talabalarga diplomlar differensial (farqli) yondashilgan tarzda beriladigan bo‘ldi. 1938 yildan a’lochi va jamoatchi talabalarga imtiyozli (qizil) diplomlar berila boshlandi.

30-yillarda O‘zbekiston ijtimoiy hayotining ko‘pgina sohalarida mahalliylashtirish siyosati amalga oshirildi. Bu siyosatning asosiy mazmuni boshqaruv, sanoat, maorif va boshqa tarmoqlarda mahalliy aholi – o‘zbek millati vakillari sonini oshirishdan iborat edi. Mahalliylashtirish Farg‘ona davlat pedagogika instituti uchun ham muhim bo‘lgan, chunki professor-o‘qituvchilarning ko‘pchiligi rusiyzabon mutaxassislardan iborat edi. Masalan, 1933-1934 o‘quv yilida institutda ishlayotgan 46 nafar o‘qituvchidan atigi 17 nafari mahalliy millat vakillari edi, xolos. Mazkur muammoni hal etish maqsadida turli fakultetlarda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni tanlab olish va o‘qishni bitirganlaridan so‘ng ularni institutda ishga olib qolishga asosiy e’tibor qaratildi. 1938-1939 o‘quv yiliga kelib, 63 nafar professor-o‘qituvchilardan 32 nafari mahalliy millatlarga mansub edi.

Farg‘ona davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish bilan birga jamoat ishlarida, shahar va viloyatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etardilar. Professor-o‘qituvchilar kolxozlarda, tashkilot va muassasalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borib, turli mavzularda ma’ruza qilar edilar. Talabalar esa paxta yig‘im-terimida, Log‘on va Katta Farg‘ona kanali qurilishida faol qatnashdilar. 1939 yilda Katta Farg‘ona kanali qurilishida ishtirok etgan 650 nafar talabaning 175 nafari hukumat mukofotlari, nishon va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

1930 yilda Farg‘ona oliy pedagogika instituti huzurida ham kechki pedagogika instituti tashkil etildi. Bu institut zimmasiga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qituvchi kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi. Kechki pedagogika institutida o‘qish muddati uch yil etib belgilandi. Ta’lim-tarbiya ishlarini dastlab jamoatchilik asosida Farg‘ona oliy pedagogika instituti professoro‘qituvchilari amalga oshirdilar. Andijon va Marg‘ilon shaharlarida Farg‘ona kechki pedagogika institutining filiallari ochildi. Institut ma’muriy jihatdan respublika xalq maorifi komissarligi huzuridagi O‘qituvchilar malakasini oshirish markaziy institutiga bo‘ysundirildi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Farg‘onada kechki pedagogik ta’lim tizimini shakllantirish oson kechmadi. Asosiy muammolar kechki institut talabalari davomatining pastligi, ularning sinov va imtihonlarni o‘z vaqtida topshira olmasligi hamda o‘qishni tashlab ketishlaridan iborat edi. Masalan, 1932-1933 o‘quv yilining boshida Farg‘ona kechki pedagogika institutida (Marg‘ilon va Andijondagi filiallar bilan birga hisoblaganda) 160 nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, o‘quv yilining oxiriga borib ulardan 125 nafari qoldi, 35 nafar talaba o‘qishni tashlab ketdi. Tahsilni davom ettirgan 125 nafar talabadan 40 nafari sinov va imtihonlarni o‘z vaqtida bajara olmay, topshirish muddati yozgi ta’tildan keyinga qoldirildi. Bunday noxush holatning asosiy sababi ayrim talabalarning tayyorgarlik darajasi yuqori bo‘lmaganligi, ularning o‘qishni o‘qituvchilik faoliyati bilan mushtarak tarzda olib bora olmasliklarida edi.

1932-1933 o‘quv yilida kechki pedagogika institutining Farg‘ona, Andijon va Marg‘ilon bo‘limlarida tahsil olgan talabalarga ilk marotaba oliy ma’lumot olganliklari haqidagi diplomlar topshirildi. Kechki pedagogika institutini bitirgan mutaxassislar vodiy o‘qituvchilari safiga qo‘shildilar.

Ammo Farg‘ona vodiysida o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyoj hamon yuqori edi. SHu boisdan Farg‘ona davlat pedagogika instituti qoshida ikki yillik o‘qituvchilar institutini ochishga qaror qilindi. 1935 yilning 1 sentyabrida Farg‘ona o‘qituvchilar institutiga 120 nafar talaba qabul qilindi. Ulardan 60 nafari tarix fakultetida, qolgan 60 nafari esa fizika-matematika fakultetida tahsil oldilar.

Ikkinchi jahon urushi O‘zbekiston xalqi uchun, jumladan, endi oyoqqa turib borayotgan Farg‘ona davlat pedagogika instituti jamoasi uchun og‘ir sinovlar davri bo‘ldi.

Urush mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. «Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun» degan shior barcha davlat tashkilotlari, muassasalar, barcha fuqarolar faoliyatining asosiy mazmuniga aylandi. Urushning dastlabki yilidayoq institutning ko‘p professor-o‘qituvchilari va talabalari frontga jo‘nab ketdilar. Natijada institut talabalarining soni ancha kamaydi. Agar 1940-1941 o‘quv yilida institutda (kechki va o‘qituvchilar institutlari talabalari bilan birga) 1055 nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, 1941-1942 o‘quv yilida ularning soni 460 nafarni tashkil etdi. Urush munosabati bilan xalq ta’limi, shuningdek, oliy ta’limga ajratilgan mablag‘lar miqdori qisqardi. Respublika hukumatining 1941 yil iyul oyida qabul qilingan maxsus qaroriga muvofiq, ayrim oliy o‘quv yurtlari va fakultetlar birlashtirildi, boshqalari qayta tashkil etildi, ba’zi institutlar esa yopildi. Farg‘ona davlat pedagogika insitutida tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. FDPI qoshidagi kechki institut, tabiiyotshunoslik fakulteti, qator kafedralar, laboratoriya va kabinetlar vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatdi.

1941-1942 o‘quv yili odatdagidek 1 sentyabrdan emas, 1 avgustdan boshlandi. 6 soat o‘rniga 7 soatlik o‘quv soati joriy etildi. Mashg‘ulotlar yangidan tasdiqlangan 3 yillik o‘quv rejalari asosida olib borildi. SHu yilning oktyabr oyida muddatidan ilgari davlat imtihonlari o‘tkazilib, 50 nafar bitiruvchi kurs talabalariga diplomlar topshirildi. Qolgan 350 nafar talabaning 60 nafari qishki sessiya boshlangunga qadar talabalar safidan chiqib ketdilar. Ularning 26 nafari harakatdagi armiya safiga da’vat etildi, 4 nafar talaba o‘qishni meditsina institutiga ko‘chirib ketdi, qolgan 22 nafar talaba esa oilalarining moddiy ahvoli yomonlashgani bois o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘ldilar.

Urush yillarida institutda me’yordagi o‘quv jarayonini yo‘lga qo‘yish oson bo‘lmadi. Professor-o‘qituvchilar etishmasdi. Juda ko‘p tajribali o‘qituvchilar frontga safarbar qilindilar, ularning o‘rniga ishga qabul qilingan yosh o‘qituvchilar esa etarli bilim va malakaga ega emas edilar. Darsliklar, o‘quv qurollari tanqis edi, jihozlar va yoqilg‘i etishmas edi. Bularning barchasi talabalarning bilim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda edi. Ammo bu qiyinchiliklardan qat’i nazar, institut jamoasi o‘z faoliyatini urush sharoitiga mos ravishda qayta tashkil etib, kadrlar tayyorlash ishini uzluksiz davom ettirdi.

Og‘ir sinovlar davrida institutga Aleksandr Fedorovich Kolosov boshchilik qildi. Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega ega bo‘lgan bu odamoxun va ziyoli inson 1942 yildan 1955 yilga qadar – 13 yil davomida institut direktori lavozimida ishladi. A.F.Kolosov urush yillarida institutning me’yordagi faoliyatini ta’min etish, keyinchalik esa uning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash, ilm dargohiga malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish bobida diqqatga sazovor ishlarni amalga oshirdi.

Urush yillarida FDPI olimlari markazdan Farg‘ona shahriga ko‘chirib kelingan oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydilar. Bu davrda Moskvadan Farg‘onaga 2 ta oliy o‘quv yurti – sharqshunoslik va ikkinchi meditsina institutlari ko‘chirib kelingan edi. Mahalliy hokimiyat organlari bu oliy o‘quv yurtlari jamoasini iliq kutib olib, ularga o‘quv mashg‘ulotlari, laboratoriya va kutubxonalari, yotoqxonalari uchun binolar ajratdilar. O‘z navbatida, ko‘chirib kelingan oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari pedagogika instituti jamoasiga o‘quv jarayoni va ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etishda, milliy kadrlarni tayyorlashda yaqindan ko‘mak berdilar.

Farg‘ona pedagogika institutining professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘qish va front orqasida zarbdorlarcha mehnat qilish bilan bir qatorda, janggohlarda ham dushmanga qarshi kurashda mardlik va matonat ko‘rsatdilar. Ular orasida turli davrlarda institutda ishlagan professor-o‘qituvchilar va xodimlardan D.Bektoshev, M.D.Abramov, B.Farmonov, I.Farmonov, V.N.Sidoronko, M.Valixonov,I.Inomov,M.G‘oyibov,N.E.Petlitsa, A.S.Gurtovenko, P.P.CHernov, A.Qodirov, X.M.O‘rmonov, O‘.Xolmatov, M.Musaev, M.Mavlonberdiev, N.I.Arjanov, I.Ahmedov,N.B.Ahmedov, YA.Afuzov, Z.K.Botirov, F.I.Vavilov, A.N.Mamanazarov,N.A.Lyubin, N.S.Rijkov, L.R.Sodiqov, N.K.Sobolev, J.Karimov, I.A.Ivanov, I.I.Kroxalyov, N.A.Burova va boshqalar bo‘lganlar. Institutda tahsil olayotgan juda ko‘p talaba yoshlar ham frontga safarbar qilindilar. Ular o‘z ustozlari bilan bir safda turib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.

Ikkinchi jahon urushi frontlarida Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘nlab talabalari ham fashist bosqinchilariga qarshi mardonavor jang qildilar. Ulardan biri fizika-matematika fakultetining talabasi Sirojiddin Valiev edi.

Sirojiddin Valiev Beshariq tumanidagi Qoraqo‘yli qishlog‘ida tug‘ilib o‘sdi. Otasidan yosh etim qolgan Sirojiddin oilada to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani bois onasiga yordam berish, xo‘jalikka qarashish, ukalarini tarbiyalash singari vazifalarini o‘z zimmasiga oldi. Maktabda o‘qib yurgan chog‘larida o‘qituvchi bo‘lishga ahd qildi. 1937 yilda o‘rta maktabni «a’lo» baholar bilan bitirgan Sirojiddin Farg‘ona davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. U institutda ham «yaxshi» va «a’lo» baholar bilan o‘qidi. O‘zining xushmuomalaligi, mehnatsevarligi va zukkoligi bilan o‘qituvchilar va tengdoshlarining hurmatini qozondi.

Sirojiddin va uning quroldosh do‘stlari dushmangan qarshi matonat bilan jang qilsalar-da, lekin fashistlar harbiy kuch va texnika jihatidan ustun bo‘lganligi sababli ular Dnestrdan Donbassgacha chekinishga majbur bo‘ldilar. Kichik serjant Valiev razvedka bo‘limi komandiri bo‘ldi. Bora-bora mohir razvedkachi bo‘lib etishdi. 1942 yilning bahoriga kelib, leytenant unvoniga sazovor bo‘ldi va razvedkachilar vzvodiga komandirlik qildi. U qator orden va medallar bilan mukofotlandi. Valievning vzvodi nafaqat polk va diviziyada, balki butun Janubiy front qo‘mondonligining o‘ta muhim topshiriqlarini bajarish uchun ko‘p marotaba front orqasiga, dushman egallab turgan hududlarga yuborildi. Valiev fashist soldat va ofitserlarini asirga olish («til» keltirish), dushman haqida ma’lumotlar yig‘ishda tengi yo‘q jangchi edi. O‘sha vaqtda harbiy muxbir bo‘lib xizmat qilgan rus yozuvchisi Boris Gorbatov bu dovyurak jangchi haqida quyidagilarni yozgan edi: «Bizning frontimizda (Janubiy frontda – muallif) razvedkachi, farg‘onalik o‘zbek Sirojiddin Valievdan mashhurroq va sevimliroq jangchi yo‘q edi».

Afsuski, 1942 yilning bahorida navbatdagi muhim topshiriqni bajarish chog‘ida Ukrainaning Elenovka qishlog‘i yaqinida Sirojiddin Valiev dushman snayperining o‘qidan halok bo‘ldi.

Shunday qilib, Ikkinchi jahon urushi yillarida Farg‘ona pedagogika instituti jamoasi qiyin sinovdan o‘tdi. Og‘ir urush sharoitida ham institut o‘qituvchi kadrlar tayyorlashni davom ettirdi. O‘qituvchi va talabalar front orqasida zarbdorlarcha mehnat qildilar, janggohlarda fashistlarga qarshi matonat bilan kurashdilar. Shu tariqa, institut jamoasi fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Urush tugagandan so‘ng respublikamiz tinch hayot quchog‘iga qaytdi. Xalq xo‘jaligini tiklash va rivojlantirish bilan bir qatorda, maorifga ham katta e’tibor berila boshlandi. Maktab shoxobchalarini kengaytirish, umumiy 7 yillik ta’limga o‘tish, o‘rta ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bu boradagi eng muhim vazifalar sanalardi. Bu vazifalarni hal etish esa, o‘z navbatida, oliy ta’limni rivojlantirishni, pedagog kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashni taqozo etardi.

Mahalliy boshqaruv organlari mavjud muammolarni hal etishda institut jamoasiga yaqindan yordam berdilar. Urush yillarida institut ixtiyoridan olingan o‘quv binolari va yotoqxonalar qaytarib berildi, o‘quv kabinetlari, laboratoriya va ustaxonalar ta’mirlanib, yangi jihozlar va uskunalar bilan ta’minlandi. Kutubxona fondi yangi kitoblar bilan boyitildi.

Urush tugagandan so‘ng institutni tiklash va kengaytirish vazifasi ko‘ndalang bo‘ldi. Maktablar uchun mehnat o‘qituvchilarini tayyorlash maqsadida muhandislik-pedagogika va agropedagogika fakultetlari ochildi. Qator yangi fakultetlar, bo‘lim va kafedralar faoliyat ko‘rsata boshladi. Kechki bo‘lim qayta tiklandi, sirtqi bo‘lim tashkil etildi. 1946-1947 yillarda institutda 6 ta fakultet bo‘lib, ularda o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, tarix, fizika-matematika, tabiiyot, geografiya mutaxassisliklari bo‘yicha oliy malakali o‘qituvchi kadrlar tayyorlanar edi.

Urushdan keyingi yillarda xalq xo‘jaligining turli jabhalarida kadrlar etishmasligi sababli oliy o‘quv yurtlarida ta’limning sirtqi shaklini rivojlantirish zarurati tug‘ildi. Shu boisdan Farg‘ona davlat pedagogika institutida sirtqi bo‘lim tashkil etildi. Bu bo‘limda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tahsil olayotgan talabalarning soni yildan-yilga ortib bordi. Farg‘ona davlat pedagogika hamda Farg‘ona o‘qituvchilar tayyorlash institutlarining sirtqi bo‘limlarida 1946-1947 o‘quv yilida 521 talaba o‘qigan bo‘lsa, 1950-1951 o‘quv yilida ularning soni 992 nafarga etdi.

50-yillarda respublika hukumati maorif xodimlari oldiga yangi vazifalar qo‘ydi. Ular orasida eng muhimi – Toshkent shahri va viloyat markazlarida umumiy o‘rta ta’limga o‘tish hamda butun respublikada umumiy sakkiz yillik ta’limni joriy etish uchun etarli shart-sharoit yaratishdan iborat edi. Shu munosabat bilan ta’lim muassasalarida oliy ma’lumotli o‘qituvchilarning salmog‘ini yanada oshirish zarurati tug‘ildi. Bu muammo qisman o‘qituvchilar institutlarini davlat pedagogika institutlariga aylantirish yo‘li bilan hal etildi. 1951 yilning iyul oyida Farg‘ona o‘qituvchilar instituti pedagogika instituti bilan qo‘shib yuborildi. Natijada FDPI talabalarining soni ancha oshdi va oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash ko‘lami kengaydi. 1959-1960 o‘quv yilida talabalar kontingenti 2030 nafarni tashkil etdi.

1958 yil 12 noyabrda «Maktabning hayot bilan aloqadorligini mustahkamlash va xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi qarorning qabul qilinishi munosabati bilan institut tarkibida hamda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘quv jarayoni uzviy ravishda ishlab chiqarish bilan bog‘landi. Fizika va ishlab chiqarish asoslari, muhandislik-pedagogika, agropedagogika, boshlang‘ich ta’lim metodikasi singari yangi fakultetlar tashkil etildi. Yangi o‘quv rejalarida talabalarning nazariy bilimlarini hayot bilan chambarchas bog‘lashga alohida e’tibor berildi. Bu ishlarni amalga oshirishda 1957-1963 yillarda institut rektori bo‘lgan S.Sagatovning xizmati katta bo‘ldi. Bu serg‘ayrat va jonkuyar inson o‘zining halol mehnati bilan oliy o‘quv yurti jamoasining katta hurmatiga sazovor bo‘ldi.

60-yillarda Farg‘ona davlat pedagogika institutida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, talaba-yoshlarni fan va texnikaning so‘nggi yutuqlari bilan qurollantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘rta maktablar uchun xorijiy tillar o‘qituvchilari tayyorlash maqsadida institutda maxsus bo‘lim ochildi. Bu bo‘lim 1967 yilda alohida fakultetga aylantirildi. Ishchi va dehqon yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash uchun 1971 yilda institut qoshida tayyorlov bo‘limi ochildi. Bu erda Farg‘ona, Qo‘qon va Jizzax pedagogika institutlari uchun abiturientlar tayyorlanardi.

1964-1965 o‘quv yilida institutning 8 ta fakultetida 16 ta mutaxassislik bo‘yicha o‘qituvchi kadrlar tayyorlanar edi. Bular matematika va chizmachilik, matematika, fizika va matematika, fizika va ishlab chiqarish asoslari, fizika va kimyo, sanoat ishlab chiqarish asoslari, qishloq xo‘jaligi asoslari, o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, ingliz tili, nemis tili, jismoniy tarbiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi, boshlang‘ich ta’lim metodikasi singari mutaxassisliklar edi.

Institutning serqirra hayotida dekanatlar va kafedralar muhim rol o‘ynaydi. SHuning uchun ham 60-70-yillarda institut rahbariyati, jumladan, 1963-1966 yillarda institut rektori bo‘lgan akademik Q.Z.Zokirov, undan keyin 1966-1971 yillarda jamoaga rahbarlik qilgan professor G‘.A.Abdurahmonovlar dekanatlar faoliyatini yanada yaxshilash, o‘quv-tarbiya jarayonida kafedralar rolini oshirish kabi masalalarga e’tiborni qaratdilar. Rektorat o‘quvtarbiya ishlarini tashkil etish va nazorat qilish bilan bog‘liq qator ishlarni dekanatlar tasarrufiga o‘tkazdi. Fakultetlar hayotida fakultet kengashlari rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rildi.

Oliy o‘quv yurtlarida kafedralar asosiy bo‘g‘in hisoblanadi. FDPI rahbariyati kadrlar tayyorlash ko‘lamining kengayib borishi va talabalar kontingentining ko‘payishini inobatga olib, yangi kafedralar ochishga, ularning faoliyatini takomillashtirishga katta e’tibor berdi. Agar 1960-1961 o‘quv yilida institutda 19 ta kafedra mavjud bo‘lsa, 1971-1972 o‘quv yilida ularning soni 25 taga, 1980-1981 o‘quv yilida esa 45 taga etdi.

1966 yilning sentyabrida Farg‘ona davlat pedagogika institutiga birinchi toifali oliy o‘quv yurti maqomi berildi. Rus tili va adabiyoti, xorijiy tillar, matematika fakultetlari uchun yangi o‘quv binolari qurildi va jihozlandi. 1963-1971 yillar davomida talabalar uchun 1859 kishiga mo‘ljallangan 4 ta yotoqxona, talabalar oshxonasi, 30 ming jild kitobga mo‘ljallangan kutubxona hamda o‘quv zali qurilib, foydalanishga topshirildi.

1971-1972 o‘quv yiliga kelib, FDPI moddiy-texnikaviy bazasi 75 ta auditoriyadan iborat 5 ta o‘quv korpusi, 25 ta kabinet, 30 ta laboratoriya, 5 ta yotoqxona, kutubxona, 500 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv zali, 8 ta ustaxona, 3 ta sport zali, biologik stansiya va Yordon qishlog‘idagi sport-sog‘lomlashtirish lageridan iborat edi. Kunduzgi va tayyorlov bo‘limlarining 2151 nafar talaba va tinglovchisi institut yotoqxonalarida istiqomat qilishardi. Bu davrda Farg‘ona davlat pedagogika institutiga B.Otaqulov rektorlik qilgan. Uning bevosita katta tashkilotchilik va rahbarligi ostida institutning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, moddiy-texnik bazasi har tomonlama rivojlandi va mustahkamlandi. SHu o‘rinda B.Otaqulovning ilmiy salohiyatni yuksaltirish maqsadida amalga oshirgan tashkilotchilik ishlari alohida e’tiborga sazovor.

Institutda ochilgan yangi mutaxassislik – «Boshlang‘ich harbiy ta’lim va jismoniy tarbiya» mutaxassisligi uchun o‘quv va sport maydonchalari qurildi. Rus filologiyasi fakulteti auditoriya va kabinetlarini jihozlash oxiriga etkazildi. 1980-1981 o‘quv yilida institut ixtiyorida 8 ta o‘quv korpusi bo‘lib, ularda 230 ta auditoriya, 124 ta kabinet va laboratoriya (ulardan 58 tasi texnikaviy vositalar bilan jihozlangan edi), 2 ta kutubxona, 8 ta o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi, 5 ta sport zali, 4 ta basketbol, 4 ta voleybol va 3 ta gandbol maydonchalari bor edi.

Yuqori malakali pedagog kadrlarni tayyorlash institutning moddiytexnikaviy bazasi bilan bir qatorda ko‘p jihatdan ilmiy-pedagogik kadrlarning salohiyatiga bog‘liq edi. 60-80-yillarda bu borada diqqatga sazovor ishlar amalga oshirildi. Professor-o‘qituvchilarning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, muttasil ravishda ularning malakasini oshirib borish kabi masalalarga katta e’tibor berildi.

1986 yilda institutga tarix fanlari doktori A.Abdulhamidov rektor etib tayinlandi. Bu davrda institutda kadrlar tayyorlash soni va sifatiga e’tibor berildi, o‘quv-uslubiy, metodik markazlar faoliyati kuchaytirildi, ilmiy kadrlar tayyorlash an’analari mustahkamlandi, professor-o‘qituvchilar va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, dam olish va sog‘lomlashtirish ishlari namunali tashkil etildi.

Farg‘ona pedagogika institutiga universitet maqomi berilgandan so‘ng oliy o‘quv yurtida tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Universitetning birinchi rektori professor M.Qoraboev rahbarligida, rektoratning sa’y-harakatlari bilan bir qancha yangi mutaxassisliklar ochildi, yangi kafedralar va fakultetlar tashkil etildi. 1991-1992 o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona davlat universitetida amaliy sotsiologiya, psixologiya, huquqshunoslik, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza etish, madaniy oqartuv ishlari va badiiy havaskorlikni tashkil etish, iqtisod va boshqaruv, iqtisod va ijtimoiy rejalashtirish, tashqi iqtisodiy munosabatlar, biotexnika va tibbiy apparatlar, agrokimyo va tuproqshunoslik, sharqshunoslik-afrikashunoslik, sharq tillari (arab va fors tillari) singari yangi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlana boshlandi.

Farg‘ona vodiysida tibbiyot sohasidagi oliy malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni e’tiborga olgan holda, universitet qoshida Tibbiyot markazi tashkil etildi. Markazda 26 nafar talaba I kursga qabul qilindi va oliy ma’lumotli vrachlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

1992 yil 30 dekabrda «Farg‘ona davlat universitetining Ustavi» ishlab chiqildi va Ilmiy Kengash tomonidan tasdiqlandi. Farg‘ona davlat universiteti tashkil etilgan yilda uning tarkibida 15 fakultet bo‘lib, 67 kafedra faoliyat olib borgan. Universitetda 34 ta mutaxassislik bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlangan. Shu yili kunduzgi bo‘limda 5054 nafar, kechki bo‘limda 115 nafar va sirtqi bo‘limda 3907 nafar, jami 9076 nafar talaba tahsil olgan.

Universitet tashkil etilgandan so‘ng rektorat, oliygohning ilmiy Kengashi, professor-o‘qituvchilar jamoasi birinchi navbatda o‘quv-tarbiya ishlarini tubdan yaxshilashni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ydilar. Buning uchun universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish, ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va o‘quv amaliyoti sifatini yaxshilash, professor-o‘qituvchilarni tarkibini takomillashtirish va ularni malakasini muttasil oshirib borish zarur edi. Mazkur mas’uliyatli jarayonni boshqarishda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorning alohida o‘rni bor. Mustaqillik yillarida soha prorektorlarining faoliyati natijasida o‘quv jarayonini tizimli tashkil etish, unga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash, ta’lim sifati va samaradorligin oshirish bo‘yicha muayyan yutuqlar qo‘lga kiritildi.

Universitet kutubxonasi fondining boyib borishi tobora ko‘proq o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatish imkonini berdi. 1991-1992 o‘quv yilida kutubxona 8223 kishiga xizmat ko‘rsatdi. Ulardan kunduzgi bo‘lim talabalari 4916 kishi yoki jami talabalarning 97 foizini, sirtqi bo‘lim talabalari esa 2234 kishi, yoki 70 foizni tashkil etdi.

90-yillardan boshlab ta’lim tizimiga shiddat bilan kompyuter texnologiyalari kirib kela boshladi. Zamon talablariga javoban universitet rahbariyati o‘quv jarayoniga axborot texnologiyalarini jalb etishga jiddiy e’tibor bera boshladi.

Universitetda axborot texnologiyalari va masofadan o‘qitishni takomillashtirish markazi tashkil etilib, uni faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida byudjet mablag‘lari va byudjetdan tashqari tushumlar hisobidan yangi kompyuterlar sotib olindi hamda ularni o‘quv jarayoniga tatbiq etish yuzasidan talay ishlar amalga oshirildi.

Axborot texnologiyalari hamda masofaviy o‘qitishning tashkillashtirish markazi hamda kafedralarda elektron darsliklar yaratishga alohida e’tibor berildi. Faqatgina 2002-2003 o‘quv yilining o‘zida «Botanika», «Biznes va tatbiqiy dasturlar ta’minoti», «Yangi pedagogik texnologiyalar», «Tadbirkorlik asoslari», «Umumiy fizika», «Etnomadaniyat» mavzusidagi elektron darslik va qo‘llanmalar yaratildi.

Farg‘ona davlat universitetining salohiyati bu erda nafaqat fan nomzodlari, balki fan doktorlarini ham tayyorlash imkonini berdi. 1994 yilda universitetda ikki mutaxassislik – «Yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi» hamda «Milliy tillar (o‘zbek tili)» yo‘nalishlari bo‘yicha doktorantura faoliyat ko‘rsata boshladi. 2003 yilda FarDU qoshidagi aspiranturada 50 nafar tolibi ilmlar, doktoranturada esa 5 nafar yosh olimlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordilar.

Amalga oshirilgan bu ijobiy ishlar natijasi o‘laroq universitetda fan doktorlari va nomzodlarini tayyorlash borasida ma’lum yutuqlarga erishildi. Jumladan, 1991 yilda 1 ta doktorlik dissertatsiyasi yoqlangan bo‘lsa, 1992-1995 yillar davomida 15 ta doktorlik va 40 ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi sifatini oshirishga qaratilgan sa’yharakatlar o‘zining ijobiy natijasini berdi. 1995 yilda universitet fan doktorlarining soni 41 nafarni, fan nomzodlarining soni esa 254 nafarni tashkil etdi. 2003 yilda esa universitet professor-o‘qituvchilarining 49 nafari fan doktori, 162 nafari esa fan nomzodi ilmiy darajasiga bo‘ldilar. Professor-o‘qituvchilar tarkibida fan nomzodlari sonining sezilarli darajada kamayishi ulardan ayrimlarining fan doktorlari safiga qo‘shilishi bilan, ba’zilarining boshqa oliy o‘quv yurtlariga ishga o‘tib ketishlari, shuningdek, yoshi ulug‘ ayrim domlalarning nafaqaga chiqishlari bilan izohlanadi.

Farg‘ona davlat universitetida professor-o‘qituvchilar lavozimiga munosib nomzodlarni tanlab olish bilan bir qatorda ularning malakalarini doimiy ravishda oshirib borish masalasiga ham e’tibor berildi. 90-yillarda professor-o‘qituvchilar reja asosida har besh yilda bir marta Toshkent davlat universiteti qoshidagi Ijtimoiy fan o‘qituvchilarining malakasini oshirish instituti va Oliy pedagogika instituti, shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlaridagi malaka oshirish fakultetlarida o‘z bilim va malakalarini oshirar edilar. Keyinchalik viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Andijon, Namangan va Farg‘ona davlat universitetlarida ham ayrim fanlar turkumi bo‘yicha mintaqaviy malaka oshirish shoxobchalari ochildi. Hozirgi kunda esa oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining malaka oshirish tizimi takomillashtirilib, FarDU huzurida Farg‘ona vodiysi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish uchun mintaqaviy markaz tashkil etildi. Universitet professor-o‘qituvchilari, asosan, shu markazda reja asosida ikki-uch yilda bir marta o‘z malakalarini oshirmoqdalar.

Istiqlol davrida universitet professor-o‘qituvchilari nafaqat O‘zbekistonning o‘zida, balki chet ellarda ham malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 1991-2003 yillar davomida oliy o‘quv yurtining 50 dan ortiq professoro‘qituvchisi, ilmiy xodimlari va aspirantlari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, YAponiya, Hindiston, Singapur, Turkiya, Janubiy Koreya va Rossiya singari mamlakatlarda bo‘lib, u erdagi ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Ayni vaqtda Farg‘ona davlat universitetida professor-o‘qituvchilarning o‘z bilim va malakalarini doimiy ravishda oshirib borishlarini moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirishga ham doimiy e’tibor berildi.

Talabalarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishning yana bir yo‘li – bu peshqadam tolibi ilmlarni tanlov asosida o‘qishni davom ettirish uchun xorijdagi oliy o‘quv yurtlariga yuborish edi. Universitet tashkil topgan dastlabki yillardan boshlab rektorat ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor berdi. Bu ishni rejali asosda olib borish maqsadida universitetda xalqaro bo‘lim hamda xalqaro aloqalar bo‘yicha rektor o‘rinbosari lavozimi ta’sis etildi. Xalqaro bo‘lim O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar va fondlar, jumladan, TASIS, TEMPUS ochiq jamiyat institutlari, Soros fondi, Konrad Adenauer fondi, AKSELS, AYREKS, DAAD, Britaniya Kengashi singari tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatildi.

Jahon standartlari talablariga mos ravishda kadrlar tayyorlashni tashkil etish uchun hukumatlararo va universitetlararo shartnomalar asosida, shuningdek, turli fondlarning moliyaviy ko‘magida Farg‘ona davlat universitetining peshqadam talabalarini xorij universitetlarida o‘qishni davom ettirish uchun yuborish yo‘lga qo‘yildi.

2003 yilga qadar universitetning 40 nafarga yaqin talabalari «Umid» jamg‘armasi, 20 nafardan ortig‘i AKSELS fondi, 50 nafardan ortig‘i esa boshqa xalqaro fondlar dasturlari asosida tanlovlarda ishtirok etib, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa ilg‘or mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlarida bakalavr va magistr darajasini olib qaytdilar.

Ayni vaqtda universitetga xorijdan o‘qituvchilarni taklif etish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, mustaqillikning dastlabki yillarida ingliz tili bo‘limi talabalariga dars berish uchun AQSH, Kanada, Daniya, Norvegiya, Yangi Zelandiyadan o‘qituvchilar tashrif buyurdilar.

Farg‘ona davlat universitetida talabalar bilimini baholashning reyting tizimi 1998-1999 o‘quv yilidan boshlab joriy etila boshlandi. Talabalar bilimini oshirishning reyting tizimi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1999 yil 8 iyundagi 194-sonli, 2000 yil 7 fevraldagi 27-sonli «Me’yoriy hujjatlarga qo‘shimcha kiritish haqida»gi va 2005 yil 30 sentyabrdagi 217-sonli buyruqlari bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini baholashning reyting tizimi to‘g‘risida muvaqqat Nizom», Reyting tizimining yakuniy bosqichida «yozma ish» usulini tatbiq etish bo‘yicha muvaqqat Nizom hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Moliya vazirligining 2004 yil 16 apreldagi 1139-sonli «Oliy o‘quv yurti talabalariga stipendiya tayinlash tartibi va berish to‘g‘risidagi ko‘rsatma»si tasdiqlagan qarori asosida universitet ilmiy Kengashida muhokama etilib, talabalar bilimini nazorat qilish va baholash bo‘yicha hujjat sifatida qabul qilindi. 2010 yil 29 avgustdagi «Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi Nizomga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi 333-sonli buyrug‘i asosida qayta ishlangan hamda 2013 yil 13 dekabrdagi 470-sonli buyruqlari bilan o‘zgartirishlar kiritilgan «Talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi Nizom» asosida amalga oshiriladi. Talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi tolibi ilmlarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini ortishiga, shuningdek, ularning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalariga ob’ektiv, to‘g‘ri baho berish imkoniyatini berdi.

1996 yildan boshlab, jahon tajribasini e’tiborga olgan holda, universitetda davlat grantlari bilan bir qatorda kontrakt-shartnoma asosida kadrlar tayyorlash tartibi joriy etildi. 2002-2003 o‘quv yilida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha Farg‘ona davlat universitetida 1708 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, ularning 1109 nafarini kontrakt-shartnoma asosida o‘qishga kirganlar tashkil etdi.

Istiqlol yillarida ta’lim tizimini isloh qilish jarayonida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilgan muhim yangilik bakalavriat va magistraturaning joriy etilishi bo‘ldi. Yangi tizim xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan keng va tor sohalar bo‘yicha mutaxassisliklar tayyorlashga yo‘l ochdi.

2000-2001 o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona davlat universitetida 28 nafar magistrant, 5 ta – tilshunoslik, Vatan tarixi, differensial tenglamalar, iqtisodiyot va biologiya mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil ola boshladilar. Keyinchalik magistratura tizimi kengayib bordi. Bu erda yangi mutaxassisliklar ochildi hamda kontrakt-shartnoma asosida ham magistrantlar qabul qilina boshlandi.

2004-2005 o‘quv yilida 18 ta mutaxassislik bo‘yicha 58 nafar magistrlar qabul qilindi. 2009-2010 o‘quv yiliga kelib, 11 mutaxassislik bo‘yicha 56 nafar magistrlar qabul qilindi. 2014-2015 o‘quv yilida mutaxassisliklar soni 13 ta bo‘lib, magistrlar soni 147 nafarni tashkil etdi. Ulardan 75 nafari bitiruvchilar hisoblanadi.

Talabalarni etishmayotgan adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida universitet professor-o‘qituvchilari bilan kelishilgan holda, ularning shaxsiy rejalariga muvofiq ravishda adabiyotlar yaratish rejasi shakllantirildi. Natijada, 2014 taqvim yilida 99 ta zamonaviy o‘quv adabiyotlar yaratildi. Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratiladigan zamonaviy o‘quv adabiyotlari oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining yangilangan klassifikatori, uning asosida takomillashtirilgan Davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiqligi, o‘rnatilgan tartibda muhokama va ekspertizadan o‘tkazish, boshqa adabiyotlardan ko‘chirib yozish kabi holatlar bo‘lmasligiga kafedra mudirlari mas’ul deb belgilandi.

2014-2015 o‘quv yiliga kelib, universitetda 9 ta fakultet faoliyat yuritib, kafedralar soni 28 tani tashkil etdi. Ularda 509 shtat birligida professor-o‘qituvchilar, bakalavriat bo‘yicha 33 yo‘nalishda, magistratura esa 14 yo‘nalishda kadrlar tayyorlanib kelinmoqda. Talabalarning umumiy kontingenti bakalavriatda 6140 nafar, magistraturada esa 147 nafarni tashkil etmoqda.

Quyidagi jadvalda Farg‘ona davlat universitetida 1991-2015 yillarda faoliyat ko‘rsatgan pedagog kadrlar haqida raqamli ma’lumot keltirilgan:

O‘quv yili

O‘qituvchilar soni, nafar

Fan doktorlari soni, nafar

Fan nomzodlarisoni, nafar

Jami

1991-1992

318

19

208

515

1995-1996

321

35

230

586

2001-2002

314

30

185

529

2005-2006

301

28

159

488

2010-2011

337

35

164

536

2014-2015

343

27

139

509

Eng ulug‘, eng muqaddas bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining shonli 24 yilligi arafasida Farg‘ona davlat universiteti (oldingi Farg‘ona davlat pedagogika instituti) 85 yoshga to‘ldi. 1930 yilda tashkil topgan bu ma’rifat maskani o‘z davrida O‘zbekistonning dastlabki oliy pedagogika o‘quv yurtlaridan biri edi. O‘tgan yillar davomida bu ziyo o‘chog‘i murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Uning boy ijodiy va tarixiy yo‘li Farg‘ona vodiysi, qolaversa, butun respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida o‘ziga xos o‘chmas tarixiy iz qoldirdi.