Maxsus imkoniyatlar

Ekran o‘lchami:

0 %

Shrift o‘lchami:

0 %

Missiya va rivojlanish strategiyasi

Farg‘ona davlat universitetining missiyasi:

 

Bizning missiyamiz – ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ma’muriy boshqaruvning barcha yo‘nalishlarida yuksak sifat madaniyatini shakllantirish va izchil rivojlantirishdan iborat. Universitet ta’lim dasturlari hamda xizmatlar sifatini muntazam baholash va takomillashtirish orqali o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish, uning ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi.

Universitet talabalarning akademik muvaffaqiyati, shaxsiy kamoloti va kasbiy rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, akademik halollik va ilmiy etika tamoyillariga asoslangan tadqiqotlarni rivojlantirishga, shuningdek, jamiyat taraqqiyotiga ijobiy va barqaror hissa qo‘shishga qat’iy sodiqdir.

 

 

Farg‘ona davlat universitetining strategiyasi:

 

Bizning strategiyamiz ­– zamonaviy va talabaga yo‘naltirilgan ta’lim, ilg‘or ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik hamda uzluksiz sifat takomili orqali raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, jamiyatning barqaror taraqqiyotiga xizmat qilish va milliy hamda xalqaro ta’lim makonida yetakchi mavqeni egallashdir.

 

Strategik maqsadlarimiz:

 

– Ta’limda mukammallikka erishish: akademik dasturlarni zamonaviy ilmiy yutuqlar, ilg‘or pedagogik yondashuvlar va mehnat bozori talablari asosida muntazam takomillashtirish, ularning mahalliy, milliy hamda global ehtiyojlarga muvofiqligini ta’minlash;

– Professor-o‘qituvchilar va xodimlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish: malaka oshirish dasturlari, treninglar, seminarlar, konferensiyalar, akademik almashinuvlar va uzluksiz ta’lim imkoniyatlari orqali professor-o‘qituvchilar hamda ma’muriy xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini izchil rivojlantirish;

– Talabaga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirish: talabalarning ta’lim jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlaydigan, ularning mustaqil va tanqidiy fikrlashi, ijodkorligi, tashabbuskorligi hamda muammolarni samarali hal etish ko‘nikmalarini rivojlantiradigan inklyuziv va qo‘llab-quvvatlovchi ta’lim muhitini yaratish;

– Xalqaro hamkorlikni kengaytirish: ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatining xalqaro integratsiyasini kuchaytirish, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan strategik sherikliklarni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalar, akademik mobillik hamda almashinuv dasturlari ko‘lamini kengaytirish.