Farg‘ona davlat universiteti Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti Pedagogika kafedrasi o‘qituvchisi Mexmonaliyev Shodibek Navfal o‘g‘li 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha muvaffaqiyatli ilmiy himoya o‘tkazdi.
Uning “Koshifiy asarlari vositasida bo‘lajak o‘qituvchilarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlar tizimini rivojlantirish texnologiyasi (pedagogika fanlari misolida)” mavzusidagi dissertatsiyasi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi PhD.03/27.09.2024.Ped.05.07 raqamli Ilmiy Kengash majlisida ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Mazkur ilmiy tadqiqotda o‘zbek mumtoz merosining zabardast vakillaridan biri – Ahmad al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Koshifiy kabi mutafakkirlarning asarlari zamonaviy pedagogik texnologiyalar nuqtai nazaridan chuqur tahlil etilib, ularning bo‘lajak o‘qituvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashdagi o‘rni va ahamiyati ilmiy asosda yoritib berildi.
Dissertatsiyada pedagogik faoliyatda qadriyatlar tizimini shakllantirish, o‘qituvchilik kasbining axloqiy asoslarini rivojlantirish, yosh avlodda barkamol tafakkur va yuksak madaniyatni qaror toptirishga xizmat qiluvchi innovatsion yondashuvlar taklif etildi. Tadqiqot natijalari nafaqat ilmiy-amaliy ahamiyatga ega, balki oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun samarali uslubiy tavsiyalarni ham o‘z ichiga oladi.
Himoya natijalari bo‘yicha Ilmiy Kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya bir ovozdan — 100% ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi, bu esa ilmiy ishning dolzarbligi, metodik mukammalligi va amaliy ahamiyatining yorqin dalilidir.