Tabiiy fanlar fakulteti Ekologiya va atrof muhit muhofazasi kafedrasi tomonidan “Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan kafedra kuni tadbiri o‘tkazildi.
CHIQINDISIZ KUN
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida hamdatalabalarni bo'sh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida Farg’ona davlat universiteti Eko faol talaba-yoshlari tashabbusi bilan atrof muhit tozaligini saqlashga qaratilgan “Chiqindisiz kun” aksiyasi o'tkazildi.
XALQARO EKO KO’RGAZMA
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Toshkent shahri "CAEx Uzbekistan" majmuasida bo'lib o'tgan xalqaro "Eco Expo Central Asia 2025" ekologik ko'rgazmasida Farg’ona davlat universitetning Tabiiy fanlar fakulteti, Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kafedrasi professor-o'qituvchilari va Eko faol talabalari o'z loyihalari bilan ishtirok etdilar.
“Ferghana France”ga ekotashrif
Ekovolontyor talabalar “Ferghana France” qo‘shma korxonasida amaliy safarda bo‘lishdi
2025-yil 4-iyul kuni Farg‘ona davlat universitetining “Ekovolontyor talabalar harakati” a’zolari uchun ekologik ma’rifat va amaliy bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi tashrif tashkil etildi. Talaba-yoshlar “Ferghana France” MCHJ qo‘shma korxonasiga borib, bu yerda olib borilayotgan zamonaviy agrotexnik jarayonlar, uzum yetishtirish madaniyati hamda ekologik barqarorlikka doir ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida talabalar korxonaning uzum yetishtirishga ixtisoslashgan yirik bog‘lari, innovatsion parvarish texnologiyalari va zamonaviy issiqxona komplekslari faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Korxona mutaxassislari tomonidan talabalarga uzum navlari, ularning iqlim va tuproq xususiyatlariga moslashtirilgan holda parvarish qilinishi, kasalliklarga qarshi kurashish usullari hamda ekologik muvozanatni saqlash borasidagi samarali yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
E’tiborga molik jihati shundaki, ushbu tashrif nafaqat talabalarning nazariy bilimlarini boyitdi, balki ularni amaliyotga yaqinlashtirib, ekologik ongni yanada oshirishga xizmat qildi. Ekovolontyorlar ekologik jihatdan barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlari qanday qo‘llanilayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, chuqur taassurotga ega bo‘lishdi.
Mazkur tashrif “Ekovolontyor talabalar harakati” doirasida muntazam tashkil etib borilayotgan ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarning uzviy davomi bo‘lib, talabalarning ekologik tafakkurini rivojlantirish, ularni atrof-muhitga mehr va e’tibor bilan yondashishga o‘rgatishda muhim qadam bo‘ldi.
Yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari boshlandi. Mazkur ezgu tadbir doirasida Farg‘ona davlat universitetida ham keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Hasharda universitet rahbariyati, mas’ul xodimlar, professor-o‘qituvchilar hamda ko‘ngilli talabalar faol ishtirok etmoqda. Ular darsxona va auditoriyalar, kutubxona va sport inshootlari, shuningdek, universitet hovlisi va atrof hududlarni tartibga keltirish, ko‘chatlar ekish va yashil maydonlarni parvarish qilish ishlarini amalga oshirmoqdalar.
Hashar qadimdan xalqimizning eng ezgu qadriyatlaridan biri bo‘lib, u nafaqat hududlarni obodonlashtirish, balki jamoa bo‘lib birlashish, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois, universitet jamoasi va yoshlarning bunday tadbirlarda faol qatnashishi ularning yurt ravnaqi va Vatan obodligi yo‘lida mas’uliyatini yanada oshiradi.
Umumxalq hashari nafaqat obodonlashtirish, balki yoshlar ongida “Vatanimiz ravnaqi – barchamizning qo‘limizda” degan ezgu g‘oyani singdirishga ham xizmat qilmoqda. Universitet talabalari bunday tashabbuslarda ishtirok etish orqali jamoaviylik, fidoyilik va mas’uliyatlilik ko‘nikmalarini yanada mustahkamlamoqdalar.
Mazkur xayriya hashari Farg‘ona davlat universiteti jamoasining mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘lib, obod va fayzli muhit yaratish yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlarning yorqin ifodasiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan vazifalar hamda “Atrof-muhitni asrash va “Yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida, Farg‘ona viloyatida keng qamrovli “Velomarafon” sport musobaqasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir, shuningdek, “2023-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi”da belgilangan ustuvor vazifalarga hamohang tarzda o‘tkazilib, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda ekologik ongini yuksaltirishga xizmat qildi.
“Velomarafon” nafaqat sport bellashuvi, balki atrof-muhitni muhofaza qilishga da’vat etuvchi yirik tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Velosiped haydash — transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish, shahar havosini toza saqlash va aholining jismoniy faolligini oshirishda muhim omil sanaladi.
Musobaqada Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham faol qatnashib, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda ibrat ko‘rsatdilar. Ularning ishtiroki yoshlarga sport va ekologiya uyg‘unligini namoyon etuvchi yorqin misol bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilar ekologik madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom hayot tarzini ommalashtirish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi haqida targ‘ibot ishlari olib bordilar. Bu esa yoshlarning nafaqat sportga, balki tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbatini ham yanada oshirdi.
2025–2026-o‘quv yilining “Ekologik innovatsiyalar va ekologik madaniyat oyligi” doirasida o‘tkazilgan muhim tadbirlardan biri — ekologik muammolar yechimiga bag‘ishlangan innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘ldi. Tadbirda talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or g‘oyalar, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlanmalar namoyish etildi va eng sara loyihalar taqdirlandi.
Mazkur tadbir Farg‘ona Davlat Universiteti mezbonligida bo‘lib o‘tdi. Unda Eko partiya vakillari, ekologiya sohasidagi mutaxassislar, OAV vakillari, talabalar hamda universitet rahbariyati ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan talabalar tomonidan ilgari surilgan ekologik innovatsion yondashuvlar yuksak baholandi.
Tadbirda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov o‘z nutqida ekologik masalalarga e’tibor qaratish, ilm-fan va texnologiyalarni muammolarning yechimi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi. U yoshlarning ekologik fikrlash doirasini kengaytirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularni global muammolarga samarali yechim topuvchi kuchga aylantirish kerakligini aytib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va rag‘batlantirildi:
1. Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash, chiqindilarni qayta ishlash;
Birinchi o‘rin – 6 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Loyihada chiqindilarni saralash va qayta ishlash orqali resurslarni tejash, havoning ifloslanishini kamaytirish g‘oyalari ilgari surildi.
2. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari
Ikkinchi o‘rin – 4 million so‘m mukofot bilan taqdirlandi.
Talabalar tomonidan quyosh va shamol energiyasidan foydalanishga doir innovatsion qurilmalar taqdim etildi.
3. Innovatsion ekologik texnologiyalar va qurilmalar
Uchinchi o‘rin – 2 million so‘mlik mukofot bilan e’tirof etildi.
Ushbu loyiha doirasida ekologik nazorat tizimlari va aqlli monitoring texnologiyalariga oid takliflar ilgari surildi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat ilmiy yutuqlarga erishish, balki yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Ishtirokchilarning yondashuvlari nafaqat akademik bilimga, balki real hayotdagi ekologik masalalarga amaliy yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Taqdim etilgan loyihalar orasida qayta ishlash texnologiyalari, chiqindilardan bioyoqilg‘i ishlab chiqarish, suv resurslaridan samarali foydalanish, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarning monitoringi kabi innovatsion yondashuvlar keng o‘rin oldi. Bu loyihalar keyingi bosqichlarda takomillashtirilib, keng miqyosda amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.
“Ekologik innovatsiyalar va ekologik madaniyat oyligi” doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir nafaqat yoshlarning ilmiy salohiyatini namoyon etdi, balki ularni ekologik mas’uliyat, ijtimoiy faollik va zamonaviy texnologiyalarni foydali maqsadlarda ishlatishga yo‘naltirdi.
Kelgusida bu kabi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, g‘olib ishlanmalarni hayotga tadbiq etish orqali biz nafaqat ekologik muammolarga yechim topamiz, balki yosh avlodni yashil kelajak uchun ilhomlantirgan bo‘lamiz.
2025–2026 o‘quv yilining sentabr oyi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi buyrug‘iga muvofiq, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida “Ekologik innovatsiyalar va ekologik madaniyat oyligi” sifatida keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universitetida ekologik barqarorlik, yashil energiya, chiqindilarni qayta ishlash, suv va havo tozaligi kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan talabalar innovatsion loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitetning turli fakultetlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar o‘z ilmiy ishlanmalari, ekologik muammolarga zamonaviy yechimlar taklif etuvchi loyihalari bilan ishtirok etdi. Taqdim etilgan loyihalar orasida:
Talabalar ushbu loyihalarni ishlab chiqish jarayonida nafaqat nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etishgan, balki barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish maqsadida jamoaviy fikrlash va muammoga innovatsion yondashuv ko‘nikmalarini ham namoyon etishdi.
Tadbir davomida universitet professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari hamda talaba-yoshlar ekologik ong va madaniyatni rivojlantirish, yashil taraqqiyot g‘oyalarini ilgari surish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— “Bugun biz o‘z kelajagimizni himoya qilish uchun har bir qadamni ongli va mas’uliyat bilan bosishimiz lozim. Bu yo‘lda yoshlarning g‘oyalari – eng muhim turtki,” — deya ta’kidladi tadbir ishtirokchilaridan biri.
Taqdimot yakunida eng dolzarb va amaliy ahamiyatga ega loyihalar alohida e’tirof etilib, ularni keyingi bosqichlarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shu bilan birga, loyihalarning ayrimlari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tajriba-sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Ekologik innovatsiyalar oyligi doirasidagi bu kabi tadbirlar talabalarda atrof-muhitga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, ekologik tafakkurni yuksaltirish va innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi Ikkinchi ta’lim forumining birinchi kunida tarixiy voqea yuz berdi: ikki davlat vazir o‘rinbosarlari va oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ishtirokida “Do‘stlik bog‘i” barpo etildi.
Ushbu maxsus marosim doirasida ishtirokchilar ikki mamlakatning mushtarak qadriyatlari va ezgu maqsadlarini ifodalovchi ramz sifatida bog‘ga daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdilar. Bu harakat nafaqat ekologik ahamiyatga ega bo‘lib, balki uzoq yillik do‘stlik va strategik hamkorlikning mustahkam belgisi hisoblanadi.
“Do‘stlik bog‘i” ikki xalq orasidagi mehr-muhabbat, hamjihatlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ramziy makon bo‘lib, kelajakda ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yangi yutuqlar uchun zamin yaratadi.
Ushbu o‘simliklarni o‘tqazish marosimi ikki mamlakat vakillari o‘rtasidagi samimiy munosabatlar va kelajakdagi mustahkam hamkorlikning ifodasi bo‘ldi. Tadbir qatnashchilari bu amaliy tashabbusni o‘zaro ishonch va hamkorlikning beqiyos namunasi sifatida ta’kidladilar.
Farg‘ona davlat universitetida ekologik ongni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va atrof-muhitni asrashga qaratilgan “Yoshlar birdamligi – yashil kelajak poydevori!” shiori ostida Yoshlar Ekoforumi o‘z ishini boshladi. Forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasi rahbari, professor Abdushukur Xamzayev boshchiligidagi mehmonlar, yosh olimlar, talabalar va ijtimoiy faollar ishtirok etdi.
Forum doirasida bir qator ekologik-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan:
“Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” aksiyasi ishtirokchilarni jismoniy faollikka chorlab, sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishga xizmat qildi.
“Ko‘ngil ekologiyasi” nomli rasmlar tanlovi yoshlar qalbidagi tabiatga bo‘lgan muhabbatni tasvir orqali ifodalashga imkon berdi. Unda 50 nafar ishtirokchi o‘z ijodiy ishlarini taqdim etdi va eng yaxshi asarlar hakamlar tomonidan e’tirof etildi.
Ekologik innovatsiyalar ko‘rgazmasi esa iqtidorli talabalar, magistrantlar, doktorantlar va yosh olimlarning ekologik muammolarga zamonaviy yechimlar taklif etuvchi ishlanmalarini namoyish qildi. Ko‘rgazmada 30 dan ortiq ijodiy g‘oya va texnologik yangiliklar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
“Tabiat uchun birlashaylik!” nomli badiiy chiqishlar orqali esa forumga madaniy ruh va ijtimoiy faollik bag‘ishlandi.
Tadbir doirasida universitetning katta majlislar zalida O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Ochiq muloqot” tashkil etildi. Unda professor Abdushukur Xamzayev yoshlar bilan samimiy suhbat o‘tkazib, bugungi kunda yurtimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yashil iqtisodiyot va ekologik ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida yoshlar ekologik muammolar, ilmga investitsiya, globallashuv davrida mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish hamda yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni asrash borasidagi savollariga atroflicha javoblar olishdi.
“Yoshlar birdamligi – yashil kelajak poydevori!” shiori ostida o‘tkazilgan Ekoforum nafaqat talaba-yoshlar orasida ekologik tafakkurni mustahkamlashga, balki ularni jamiyatda faol ishtirok etishga undovchi muhim ijtimoiy-madaniy platformaga aylandi. Bu kabi tadbirlar yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, tabiatga mehr va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat hissini yanada oshiradi.
Bo‘stonliq tumanidagi so‘lim va zamonaviy “Green Hills Resort” majmuasi katta intellektual voqelikka mezbonlik qildi. Unda “Zakovat” intellektual harakatining 25 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ekologiya va turizm mavzusidagi respublika miqyosidagi yirik turnir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqa Toshkent viloyati hokimligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Green Hills Resort” majmuasi hamda “Zakovat” intellektual klubi NNT hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqada O‘zbekistonning barcha hududlaridan saralangan eng kuchli jamoalar ishtirok etdi. Tadbir yoshlarda ekologik tafakkurni shakllantirish, barqaror turizm g‘oyalarini targ‘ib etish, shuningdek, ilmiy fikrlash, mantiqiy tahlil va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Kun davomida intellektual bellashuvlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qizg‘in va murosasiz tarzda o‘tkazildi:
“Zakovat” jamoaviy o‘yini
Shaxsiy intellektual o‘yin
Breyn-ring musobaqasi
Musobaqaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha natijalar umumlashtirilib, eng faol, bilimdon va jamoaviy ruhda harakat qilgan ishtirokchilar umumjamoa hisobida g‘olib deb topildi.
Bellashuvlar yakunida quyidagi jamoalar faxrli o‘rinlarni egallab, yirik pul mukofotlariga sazovor bo‘ldilar:
1-o‘rin — Toshkent shahri jamoasi — 300 million so‘m
2-o‘rin — Farg‘ona viloyati jamoasi — 200 million so‘m
3-o‘rin — Jizzax viloyati jamoasi — 100 million so‘m
Ayniqsa, Farg‘ona viloyati jamoasi tarkibida ishtirok etgan Farg‘ona davlat universiteti talabalari o‘zining kuchli bilim zaxirasi, mantiqiy yondashuvi va jamoaviy muvofiqligi bilan alohida e’tiborni qozondi. Ular faxrli 2-o‘rinni egallab, yirik muvaffaqiyatga erishdilar.
Bu musobaqa nafaqat bilim bellashuvi, balki atmosferaga befarq bo‘lmagan yoshlarni birlashtiruvchi, ekologik ong va mas’uliyatni kuchaytiruvchi ijtimoiy-ma’naviy loyiha sifatida ham e’tirof etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z bilimlarini namoyon etish bilan birga, barqaror rivojlanish va tabiatni asrash bo‘yicha yangicha qarashlarga ilhom oldilar.
“Zakovat” harakati orqali yoshlarning ilmga, tabiatga va kelajakka bo‘lgan mas’uliyatli munosabati, shubhasiz, jamiyatimizda barqaror tafakkurli, bilimli avlod shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Jismoniy madaniyat fakulteti ko‘ngilli talabalari tomonidan muhim va ma’naviy jihatdan boy mazmunga ega bo‘lgan amaliy tadbir tashkil etildi. Tadbir “So‘z mulkining sultoni – Alisher Navoiy” xiyobonida bo‘lib o‘tdi va unda ekologik madaniyatni shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yoshlar orasida ekologik mas’uliyatni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan xiyobon hududi turli maishiy chiqindilardan tozalandi, daraxtlar tagi supurilib, yashil hududlar obodonlashtirildi. Ushbu tashabbus nafaqat hududni tozalash bilan cheklanib qolmay, balki ekologik tarbiya va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatni targ‘ib qiluvchi axborot-targ‘ibot ishlarini ham o‘z ichiga oldi.
Talabalar mahalliy aholi, bog‘ atrofiga kelgan yurtdoshlar bilan suhbatlar olib borib, ekologik gigiyena, chiqindilarni saralash, daraxtlarni asrash va yashil makonlarni kengaytirish borasida muhim tavsiyalar berdilar. Bu orqali ular nafaqat o‘zlari, balki jamiyatning turli qatlamlarini ham ekologik ongli hayot tarziga chorladilar.
Tadbirning yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, u O‘zbek tili bayrami doirasida tashkil etilgani bilan ona tilimiz, milliy qadriyatlar va buyuk allomalarimiz merosiga bo‘lgan hurmatni ifodaladi. Alisher Navoiy nomi bilan atalgan xiyobonda obodonlashtirish ishlari olib borilishi esa ramziy ma’no kasb etib, ma’naviylik va ekologik mas’uliyat uyg‘unligini namoyon etdi.
Mazkur tashabbus yoshlarning tabiatga e’tiborli bo‘lishi, ekologik va ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, shuningdek, o‘z milliy qadriyatlariga hurmat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, bu kabi tadbirlar nafaqat muhitni tozalash, balki yosh avlod qalbida tabiatga mehr va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.