O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Quva tumani Axborot-kutubxona markazida ona tiliga bo‘lgan hurmat, milliy g‘urur va ma’naviyatimizni yuksaltirishga qaratilgan “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Quva tuman hokimligi vakillari, Farg‘ona davlat universiteti olimlari, taniqli shoir va adiblar, mahalliy faollar hamda kitobxon yoshlar ishtirok etdi. Yig‘ilganlar ona tilining xalqimiz hayotidagi bebaho o‘rni, uning boy tarixiy merosi va milliy o‘zligimizni ifodalovchi kuchli madaniy poydevor ekanini alohida ta’kidladilar.
Ishtirokchilar tomonidan ona tilini asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish va yosh avlodga to‘g‘ri va ravon so‘zlash madaniyatini singdirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Til nafaqat aloqa vositasi, balki xalqning tafakkuri, tarixi va ma’naviy qiyofasini aks ettiruvchi muqaddas qadriyat ekani qayd etildi. Davra suhbati davomida o‘zbek tilining taraqqiyoti uchun har bir fuqaroning ma’naviy mas’uliyatli bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda mahalliy ijodkorlar tomonidan ona tiliga bag‘ishlangan she’rlar ijro etildi, tilimiz go‘zalligi, ifoda kuchi va boyliklarini madh etuvchi adabiy chiqishlar barchada katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, til madaniyatini yuksaltirish, imlo va so‘zlashuv me’yorlariga rioya qilish, davlat tilida rasmiy hujjatlar yuritish bo‘yicha amaliy taklif va tashabbuslar ham ilgari surildi.
Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ona tilimizning jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod qalbida ona tiliga nisbatan chuqur hurmat va mehr tuyg‘ularini uyg‘otish, shuningdek, milliy birlik va g‘ururni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.