Diqqat, muhim yangilik! Farg‘ona davlat universitetining ilmiy nashri — “FarDU. Ilmiy xabarlar” jurnali (ISSN: 2181-1571) ilm-fan va ta’lim sohasida xalqaro miqyosdagi yana bir yirik yutuqqa erishdi. Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tan olingan va nufuzli ilmiy ma’lumotlar bazalaridan biri sanaladigan Index Copernicus – ICI Journals Master List 2024 ro‘yxatiga kiritildi.
Mazkur platforma butun dunyo bo‘ylab ilmiy jurnallarni baholash va indeksatsiyalash bilan shug‘ullanadi. “FarDU. Ilmiy xabarlar” jurnalining 2024-yildagi faoliyati Index Copernicus ekspertlari tomonidan ko‘p bosqichli va murakkab mezonlar asosida sinchkovlik bilan tahlil qilindi. Baholash natijalariga ko‘ra jurnalga Index Copernicus Value (ICV) – 54.24 ball miqdorida reyting berildi.
Bu yutuq nafaqat jurnalimızning ilmiy sifati va tahririy jamoaning kasbiy salohiyatini tasdiqlaydi, balki Farg‘ona davlat universitetining ilmiy faoliyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Jurnalning xalqaro bazaga kiritilishi endilikda unda chop etilgan maqolalarning global darajadagi ko‘rinuvchanligi va iqtiboslanish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Universitet rahbariyati, jurnal tahririyati a’zolari, mualliflar va ilmiy taqrizchilar ushbu muhim yutuq bilan chin yurakdan muborakbod etiladi! Bu natija – jamoaning fidokorona mehnati, puxta ilmiy izlanishlar va izchil rivojlanish strategiyasining amaliy natijasidir.
Shu o‘rinda jurnalga ilmiy maqola taqdim etayotgan mualliflar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Endilikda "FarDU. Ilmiy xabarlar" sahifalarida chop etilgan har bir maqola xalqaro mezonlarga javob beruvchi indeksatsiya tizimlarida ro‘yxatga olinadi va dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan e’tirof etiladi.
Ma’lumot uchun: Index Copernicus (Polsha) – dunyodagi nufuzli ilmiy bazalardan biri bo‘lib, ilmiy jurnallar sifatini baholash, ularni tizimlashtirish va global tadqiqotchilar e’tiboriga havola etish bilan shug‘ullanadi. Unga kiritilish – jurnalning xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lganini bildiradi.