21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida "Tilimiz — millatimiz faxri, elimiz g'ururi!" mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Tadbir doirasida Farg‘ona davlat universitetining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Mazkur mahorat darsi ona tilimizning millatimiz uchun naqadar muqaddas va bebaho boylik ekanligini yana bir bor yodga solib, yosh avlodda ona tiliga hurmat va sevgi tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbirda ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar tilimizning tarixiy ahamiyati, uning madaniy merosdagi o‘rni va rivojlanish istiqbollari haqida qiziqarli ma’ruzalar bilan so‘zladilar.
Dars davomida ona tilimizning go‘zalligi, boy ifoda vositalari va milliy o‘zligimizni ifodalovchi so‘z boyligi yoritildi. Shuningdek, til madaniyatini oshirish, to‘g‘ri so‘zlashuv qoidalari hamda zamonaviy tilshunoslikning yangi yutuqlari haqida ham atroflicha fikr almashildi.
Ijod maktabi o‘quvchilari ham faol ishtirok etib, ona tiliga bag‘ishlangan she’rlar o‘qishdi, savol-javoblar orqali bilimlarini namoyish etdilar.
Tadbir yakunida tashkilotchilar barcha ishtirokchilarga tilimizni asrash va rivojlantirishda davom etishlarini tilab, ona tilimizning sharafli tarixi va yorqin kelajagi uchun hamkorlikda xizmat qilish zarurligini ta’kidlashdi.
Bu kabi mahorat darslari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodda milliy o‘zlikni anglash, ona tiliga hurmatni yanada oshirish hamda til madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.