Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi phd.03/27.09.2024.ped.05.10 raqamli ilmiy kengashda navbatdagi muhim ilmiy tadqiqot muvaffaqiyatli himoya qilindi. Jismoniy madaniyat fakultetining Jismoniy tarbiya nazariyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Kosimov Akmal Nasriddinovich pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini 100% ovoz bilan muvaffaqiyatli himoya qildi.
Dissertatsiya mavzusi – “Sport faoliyati orqali o‘quvchilarda milliy identiklikni rivojlantirish metodikasi” – dolzarb muammoga bag‘ishlangan bo‘lib, zamonaviy ta’lim tizimida yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlar va madaniy merosga hurmat bilan qarashni shakllantirishda sport vositalarining o‘rni va imkoniyatlarini ochib beradi.
Kosimov Akmal Nasriddinovich o‘z ilmiy ishida sport mashg‘ulotlari, musobaqalar, jamoaviy faoliyat va sportga oid xalqona o‘yinlar orqali o‘quvchilarda milliy identiklikni rivojlantirishga qaratilgan innovatsion metodik yondashuvlarni ishlab chiqqan. Tadqiqotda nazariy tahlillar bilan birga amaliy tajribalarga ham keng o‘rin berilgan bo‘lib, ularning natijalari sport va tarbiya o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yaqqol ko‘rsatib beradi.
Ilmiy ish nafaqat pedagogik jamoatchilik, balki sport sohasi mutaxassislari uchun ham katta amaliy ahamiyat kasb etadi. Unda ilgari surilgan metodikalar umumta’lim maktablarida jismoniy tarbiya darslarini yanada mazmunli va maqsadli tashkil etishga xizmat qiladi. Ayniqsa, yosh avlodda milliy g‘urur, o‘zlikni anglash, ijtimoiy faollik va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish kabi ijobiy sifatlarni shakllantirishda sportning tarbiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish yo‘llari aniq ko‘rsatib berilgan.