Atrof-muhit – kelajak avlodga meros. Bugungi kunda butun dunyoda ekologik barqarorlik, tabiatga mehr va e’tibor masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonimizda ham bu borada keng ko‘lamli islohotlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu tashabbusni keng targ‘ib qilish, aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan “Yangi daraxt – yangi nafas” ekochempionati mamlakatimiz bo‘ylab katta qiziqish bilan davom etmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti mazkur ekologik harakatda faol ishtirok etib, yoshlar orasida ekologik mas’uliyatni shakllantirishga, tabiatga mehr bilan qarash g‘oyasini chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda universitet jamoasi tomonidan universitet hududida va unga tutash hududlarda daraxt ekish, yashil maydonlarni kengaytirish, atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu nafaqat amaliy ish, balki yoshlarga ekologik tarbiya berishning samarali vositasiga aylanmoqda.
Ekochempionat doirasida tashkil etilgan tadbirlar orqali quyidagi asosiy maqsadlar ko‘zda tutilgan:
Yashil hududlarni kengaytirish orqali havoning tozaligini ta’minlash;
Yoshlar orasida ekologik ong va mas’uliyatni oshirish;
Har bir fuqaro, ayniqsa talabalar o‘rtasida “tabiatga mehr” tushunchasini singdirish;
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish.
Tadbir ishtirokchilari o‘z fikrlarida ta’kidlaganidek, har bir ekilgan nihol – bu nafaqat bugunning, balki ertangi kun sog‘lom hayotining garovidir. “Yangi daraxt – yangi nafas” shiori ostida amalga oshirilayotgan bu kabi chempionatlar ekologik farovonlik sari tashlangan muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi kelgusida ham “Yashil makon” loyihasi doirasidagi tashabbuslarda faol ishtirok etib, nafaqat ta’lim, balki ekologik barqarorlik yo‘lida ham o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi