Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

XODIMLAR MANFAATINI HIMOYA QILISH ASOSIY VAZIFAMIZ

15:26, 31.10.2025      


Oʼzbekiston kasaba uyushmalari harakatining tarixi 1905 yilga borib taqaladi. Joriy yil butun mamlakatimiz boʼylab kasaba uyushmalarining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Inson qadri, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish gʼoyasini ilgari surgan bu tashkilot oʼz dolzarbligini hech qachon yoʼqotmagan. Аyniqsa, soʼnggi yillarda kasaba uyushmalari faoliyatida yangi rivojlanish bosqichi boshlandi.

Kasaba uyushmalarining asosiy maqsadi mehnatkash insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy adolatni taʼminlashdir.

Mamlakatimiz rahbari ishtirokida boʼlib oʼtgan kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvda bu tashkilotning jamiyat taraqqiyotidagi oʼrni, erishgan yutuqlari va kelgusi vazifalari haqida atroflicha soʼz yuritildi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, kasaba uyushmalarining koʼp millionli aʼzolari mehnati va xalqimizning bagʼrikengligi Yangi Oʼzbekistonni barpo etishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.

Soʼnggi yillarda kasaba uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Yangilangan Konstitutsiya, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Kasaba uyushmalari toʼgʼrisida”gi va “Аholi bandligi toʼgʼrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, kasaba uyushmalari vakillarining Parlament huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlariga kiritilishi xodimlar manfaatini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kasaba uyushmalari jonbozligi tufayli keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilindi, ularning foydasiga 267 milliard soʼm undirildi, nohaq ishdan boʼshatilgan 13 ming xodim ishga tiklandi. Bu raqamlar mehnatkashlar huquqlarini taʼminlashda kasaba uyushmalarining amaliy faolligini yaqqol koʼrsatadi.

Shu bilan birga, Kasaba uyushmalari federatsiyasining xalqaro maydondagi nufuzi ham ortib bormoqda. Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi va Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solinishi, Federatsiyaning Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga aʼzo boʼlishi buning yorqin isbotidir.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Inson qadri uchun” degan ezgu gʼoya barcha islohotlarimizning asosiy yoʼnalishlaridan biri boʼlib qolmoqda. Bu gʼoyaning amaliy ifodasini Fargʼona davlat universiteti kasaba uyushmasi faoliyati misolida ham yaqqol koʼrish mumkin.

Fargʼona davlat universiteti kasaba uyushmasi 1930 yilda Mirzo Ulugʼbek nomli Fargʼona davlat pedagogika instituti qoshida tashkil etilgan. Oʼtgan 95 yil mobaynida ushbu tashkilot universitet jamoasi aʼzolarini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sogʼlom va barkamol muhitni shakllantirishda muhim oʼrin tutmoqda.

1950-1960 yillarda uyushma aʼzolari soni talabalar hisobiga 4 ming nafardan oshib ketgan. Bu davrda ijtimoiy-iqtisodiy, sogʼlomlashtirish va mehnat muhofazasi yoʼnalishlariga katta eʼtibor qaratilgan. 1960-1970 yillar davomida 100 dan ortiq xodim sogʼligʼini tiklash va dam olish maqsadida sanatoriy hamda dam olish uylariga yuborilgan.

1990 yillardan boshlab kasaba uyushmasi jamoa aʼzolarining ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilishda faoliyatni yangi bosqichga koʼtardi. Professor Аhmadali Gʼofurov, dotsent Dilbarjon Qurbonov, Tursun Mamurov, Tojiddin Mamurzaqov, Odiljon Haydarov kabi rahbarlarning bu yoʼnalishdagi xizmatlari beqiyosdir.

Bugungi kunda FarDU kasaba uyushmasida 11 ta fakulьtet va boʼlimlarda faoliyat yuritayotgan 2036 nafardan ortiq professor-oʼqituvchi va ishchi-xodimlar aʼzo hisoblanadi.

Faqat 2024 yilning oʼzida 300 nafardan ortiq xodim sogʼlomlashtirish sihatgohlariga yuborilgan, 150 nafar farzand oromgohlarda dam olgan. 800 nafardan ortiq xodim moddiy yordam va oziq-ovqat bilan taʼminlangan.

2025 yil –“Аtrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” munosabati bilan universitet kasaba uyushmasi tomonidan ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu yilning oʼzida 205 nafar xodim va ularning ota-onalari sihatgohlarda dam oldi, Xodimlarning 200 nafar farzandi oromgohlarga yuborildi, 105 nafar xodim uchun respublika boʼylab sayohatlar tashkil etildi.

Universitet rahbariyati va kasaba uyushmasi hamkorligida nafaqadagi ustozlar holidan xabar olish tizimli ravishda yoʼlga qoʼyilgan.

Fargʼona davlat universiteti kasaba uyushmasining 95 yillik faoliyati Oʼzbekiston kasaba uyushmalari harakatining taraqqiyot bosqichidagi yutuqlarini ifodalovchi yorqin misoldir. Bu tashkilotning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va sogʼlomlashtirish sohalaridagi faoliyati “Inson qadri uchun” gʼoyasining amaldagi ifodasi boʼlib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, kasaba uyushmalari faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan va bu siyosat izchil davom ettiriladi. Universitet tajribasi shuni koʼrsatmoqdaki, kasaba uyushmalari bugun mehnat jamoalarining huquqiy himoyachisi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida Yangi Oʼzbekiston taraqqiyotida muhim oʼrin tutadi.