Farg‘ona davlat universitetida Pedagogik kengashning navbatdagi — III sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet hayotidagi muhim yangiliklar, ta’lim sifatini oshirish masalalari, ilmiy-uslubiy faoliyat bo‘yicha dolzarb vazifalar hamda yoshlar muvaffaqiyatlari atroflicha muhokama qilindi. Majlis avvalida ilmiy daraja va unvonlarga sazovor bo‘lgan bir guruh professor-o‘qituvchilar tantanali ravishda taqdirlandi. Bu jarayon universitet jamoasining ilmiy salohiyati yuksalib borayotganidan, ilm-fan sohasida salmoqli natijalar qo‘lga kiritilayotganidan dalolat beradi.
Tadbir davomida yurtimiz bayrog‘ini xalqaro sport maydonlarida baland ko‘targan iqtidorli talabalar ham ardoqlandi. Jumladan:
Esonov Tigran Rustamovich — Jismoniy madaniyat fakulteti 1-bosqich talabasi, kamondan otish bo‘yicha Ozarbayjonda o‘tkazilgan MDH o‘yinlarida bronza medali
Akbarova Nasibaxon Abdumalik qizi — Jismoniy madaniyat fakulteti 1-bosqich talabasi, belbog‘li kurash bo‘yicha Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida bronza medali
Toirova Oisha To‘lqin qizi — Jismoniy madaniyat fakulteti 2-bosqich talabasi, boks bo‘yicha Bangkokda o‘tkazilgan “Thailand Open” xalqaro turnirida bronza medali
Sportchi yoshlarimizning ushbu yutuqlari FarDU talabalari o‘z bilimlari bilan bir qatorda, jismoniy tayyorgarlik, iroda va g‘ayrat bilan ham bugungi kun yoshlari uchun yorqin namuna bo‘layotganini ko‘rsatadi. Yig‘ilishda yana bir ulkan yutuq — Farg‘ona davlat universitetining xalqaro Quacquarelli Symonds (QS Stars) reyting tizimi bo‘yicha 4 yulduzli bahoga loyiq deb topilgani alohida ta’kidlandi.
Bu natija universitetning ta’lim sifati, ilmiy faoliyati, talabalar bilan ishlash tizimi, xalqaro hamkorlik salohiyati yuqori baholanganidan dalolat beradi. Hozirda FarDU nafaqat respublika, balki xalqaro maydonda ham nufuzli ta’lim maskani sifatida tan olinmoqda.
Majlis davomida o‘quv-uslubiy jarayonlarni takomillashtirish, talabalar ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasini yanada kuchaytirish, sifatli ta’lim berish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, universitet hayotiga oid tashkiliy masalalar bo‘yicha ham muhim qarorlar qabul qilindi.
FarDU — ta’lim, ilm-fan va sportda yetakchilik sari dadil qadam tashlamoqda. Bugungi yutuqlar — jamoadagi o‘zaro hamjihatlik, fidoyilik va izchil mehnat samarasi.
Kelgusida ham universitet jamoasi yangi marralar sari intilib, yosh avlodni zamonaviy bilimlar egalari etib tarbiyalashda davom etadi.