Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

“MA’RIFAT ULASHIB” – YOSHLAR QALBIGA NUR, ILMIGA RAG’BAT!

11:09, 04.11.2025      

Farg‘ona davlat universiteti tashabbusi bilan boshlangan “Ma’rifat ulashib” loyihasi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni ijod va kitobxonlikka oshno etish yo‘lida keng ko‘lamli tadbirlar bilan davom etmoqda. Ushbu loyihaning navbatdagi uchrashuvlari Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida bo‘lib o‘tdi.

Farg‘ona shahridagi Chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda taniqli adib Muhammad Siddiq bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Adib o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy suhbat qurib, milliy adabiyotimiz durdonalari, mashhur adiblarimiz ijodi hamda ijod jarayonining sir-asrorlari haqida hikoya qildi.

Uchrashuv jarayonida o‘quvchilar o‘zlarining ilk ijodiy mashqlarini — she’rlarini adib hukmiga havola etdilar. Qalbidan to‘kilgan satrlar orqali ilk qadam tashlayotgan yosh ijodkorlarga Muhammad Siddiqning mehrga to‘la e’tibori ularga katta motivatsiya bo‘ldi. Tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlar va o‘quvchilarning sahnaviy chiqishlari davraga quvonch, ijodiy ruh va iliqlik baxsh etdi.

Loyiha davomida Marg‘ilon shahar 31- umumta’lim hamda 10- umumta'lim maktablarida ham ma’rifat va ijodga boy uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbir mehmonlari — mashhur shoira Xosiyat Bobomurodova hamda iste’dodli ijodkor Gulbahor Jumayeva yoshlar qalbiga ilhom va ma’naviy kuch ulashdilar.

Gulbahor Jumayeva Ikkinchi jahon urushi yillaridagi og‘ir yoshlik xotiralarini esga olib, bugungi tinch, farovon va imkoniyatlarga boy “Yangi O‘zbekiston” hayotining qadriga yetish zarurligini ta’kidladi.

Shoira Xosiyat Bobomurodova esa “Go‘zal Farg‘onaga borayotirman” she’rini jo‘shqin tuyg‘u bilan o‘qib, o‘quvchilar qalbida faxr, mehr va ilhom uyg‘otdi. Uchrashuvda maktab o‘quvchilari ham ijodkorlarning she’rlarini yoddan o‘qib, badiiy muhitni yanada boyitdilar.

Tadbir yakunida shoiralar maktab hovlisida nastarin niholini ekishdi. Bu ramziy marosim tinchlik, go‘zallik va ma’naviyatni ulashish g‘oyasini ifoda etdi. Ekilgan nihol — yoshlar qalbiga sepilgan ma’rifat urug‘idek, kelajakda barq urib, yurt ravnaqi yo‘lida meva berishiga ishonch uyg‘otdi.

“Ma’rifat ulashib” loyihasi yoshlar dunyoqarashini boyitish, ularni badiiy tafakkurga oshno etish, ijodga rag‘batlantirish yo‘lida ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Farg‘ona va Marg‘ilonda o‘tkazilgan bugungi uchrashuvlar esa bu ezgu maqsad sari yana bir muhim qadam bo‘ldi.