
Farg‘ona davlat universitetida yana bir muhim ilmiy natija qayd etildi. Universitetning mustaqil tadqiqotchisi Umarov Ismoiljon Olimjonovich “Kompetensiyaviy yondashuv asosida chaqiriqqacha harbiy ta’lim yo‘nalishi talabalarida o‘quv-jangovar sifatlarini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mazkur dissertatsiya 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari yo‘nalatida tayyorlangan bo‘lib, tadqiqot natijalari zamonaviy ta’limning strategik yo‘nalishlaridan biri — yoshlarni Vatan himoyasiga tayyorlashda kompetensiyaviy yondashuvning ahamiyatini yanada chuqur yoritib berdi.
Ismoiljon Umarov o‘z tadqiqotida chaqiriqqacha harbiy ta’lim yo‘nalishidagi talabalar uchun:
o‘quv-jangovar ko‘nikmalarni rivojlantirish metodikasi,
kompetensiyaviy yondashuv asosida ta’lim jarayonini takomillashtirish,
amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish,
yoshlarning jismoniy, psixologik va intellektual tayyorgarligini kuchaytirish
kabi masalalarni ilmiy asosda ishlab chiqdi va amaliy tajribalarda tasdiqladi.
Dissertatsiya himoyasi natijasida ilmiy kengash a’zolari tomonidan 100 foiz ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa tadqiqotning ilmiy dolzarbligi, amaliy ahamiyati va yuqori sifatini yana bir bor tasdiqlaydi.