

Farg‘ona davlat universitetida rektor Bahodir Shermuhammadov hamda fakultetlar sardorlari ishtirokida mazmunli va ilhomli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida rektor yosh liderlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning fikrlarini tingladi, yoshlarga bugungi kun talablari, kelajak vazifalari hamda ulkan imkoniyatlar haqida muhim tavsiyalar berdi.
Bahodir Shermuhammadov ta’kidlaganidek, bugungi kun yoshlari kelajak taraqqiyotining bosh irodasi, Uchinchi Renessans bunyodkorlaridir. Uchrashuv chog‘ida rektor quyidagi fikrlarni alohida urg‘uladi:
“Har birimizning qonimizda Uyg‘onish davrini yaratgan buyuk allomalarimizning ruhi, iste’dodi va g‘ayrati mujassam. Bizga faqat zamonaviy bilim, kasb va texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirib, yuksak marralarga intilish kifoya.”

Shuningdek, rektor yoshlar o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun muntazam o‘rganish, tashabbuskorlik va intiluvchanlik zarurligini qayd etdi.
Talabalarga amaliy tavsiya sifatida rektor chet tillarini o‘rganish bo‘yicha oson va samarali usulni ulashdi:
“Har kuni ertalab 10 daqiqa vaqt ajrating va 10 ta yangi so‘z o‘rganing. 10 kunda — 100 ta, bir oyda esa kamida 300 ta so‘z lug‘atingizda bo‘ladi. Bir oy davom ettirsangiz bu odatga aylanadi.”
Bu oddiy ko‘rinadigan usul talabalarning lug‘at boyligini tez oshirishga, chet tilida erkin fikrlashiga zamin yaratadi.
Uchrashuvning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri — sun’iy intellekt, IT va startaplar mavzusi bo‘ldi. Rektor sardorlarni innovatsion fikrlash, texnologik ko‘nikmalarni o‘rganish, raqamli iqtisodiyotda o‘z o‘rnini topishga chorlab, universitetda bunday tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Texnologiya — kelajak kaliti. Har bir g‘oya qadrli. Biz sizning tashabbuslaringizni eshitishga, qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.”
Tadbir davomida sardorlar uchun yetakchilik, jamoadorchilik va mas'uliyat mavzulari ham muhokama qilindi. Ularga talabalar orasida intizom, bilimga chanqoqlik, faollik va ijobiy muhit yaratish bo‘yicha vazifalar topshirildi.
Mazkur uchrashuv yoshlar qalbida motivatsiya, o‘ziga ishonch va kelajak uchun aniq maqsadlar uyg‘otdi. FarDU sardorlari nafaqat akademik, balki Liderlik maktabi sifatida ham shakllanayotganining yana bir isboti bo‘ldi.
Maqsad — bilimli, zamonaviy tafakkurga ega, tashabbuskor, Vataniga foydali yoshlar safini kengaytirish!