
Farg‘ona davlat universiteti ilmiy jamoasi uchun yana bir quvonchli yangilik! Universitetning iqtidorli yosh tadqiqotchisi Mirzaliyev Abdujabbor Mamatyusuf o‘g‘li biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish maqsadida tayyorlagan “Fargʻona vodiysi sharoitida Eriosoma lanigerum (Hausmann, 1802) ning bioekologik xususiyatlari” mavzusidagi dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mazkur ilmiy ish 03.00.06 – Zoologiya ixtisosligi bo‘yicha olib borilgan bo‘lib, unda olma daraxtlarining asosiy zararkunandalaridan biri hisoblangan Eriosoma lanigerum — “junli shira”ning Farg‘ona vodiysi sharoitidagi hayot sikli, ko‘payish dinamikasi va ekologik omillarga moslashuv xususiyatlari chuqur tahlil qilingan.
Tadqiqot natijalari mazkur hasharotning tabiiy tarqalish areali, ozuqa o‘simliklariga ta’siri hamda zararkunandaga qarshi samarali biologik nazorat usullarini ishlab chiqishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa mintaqada ekologik toza va barqaror bog‘dorchilikni rivojlantirish uchun amaliy ahamiyatga ega.
Himoya Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD dissertatsiya kengashi yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi. Kengash a’zolari tadqiqotchining ishini yuksak baholab, 100 foiz ovoz bilan ijobiy xulosa berdilar. Bu natija Mirzaliyev Abdujabbor Mamatyusuf o‘g‘lining ilmiy izlanishlari, mehnatsevarligi va soha rivojiga qo‘shgan hissasining e’tirofi sifatida e’tirof etildi.