

Farg‘ona davlat universitetining Jismoniy madaniyat fakultetida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning mehnat bozorida faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va kasbiy yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida “Karyera va biznes marafoni” doirasida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda davlat va xususiy tashkilotlar vakillari, tijorat banklari, “Kelajakka qadam” markazi mutaxassislari hamda bir qator ish beruvchi korxonalar ishtirok etishdi. Ular bitiruvchi talabalarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari, startap va biznes loyihalar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Mehnat yarmarkasi yoshlar uchun o‘z kasbiy yo‘lini belgilash, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot o‘rnatish, o‘z salohiyati va g‘oyalarini amaliyotda sinovdan o‘tkazish uchun qulay maydon bo‘ldi. Talabalar uchun individual maslahatlar, karyera rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar hamda muvaffaqiyatli ish suhbatidan o‘tish bo‘yicha seminarlar tashkil etildi.
Tadbir doirasida ayrim talabalarga ish bilan ta’minlanish bo‘yicha takliflar ham bildirilgan bo‘lib, bu universitetda o‘qitilayotgan kadrlarning amaliy tayyorgarlik darajasi yuqori ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Ta’kidlash joizki, Farg‘ona davlat universiteti QS Stars xalqaro reytingida 4 yulduzli oliy ta’lim muassasasi sifatida e’tirof etilgan. Ayniqsa, bitiruvchilarning ish bilan bandligi yo‘nalishi bo‘yicha 5 yulduz ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi — universitet bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi va ish beruvchilar orasidagi yuqori nufuzini yaqqol ifodalaydi.
Mehnat yarmarkasi ishtirokchilari ushbu tadbirni yoshlar uchun amaliy foydali tashabbus sifatida baholab, uni kelgusida muntazam tarzda o‘tkazish zarurligini ta’kidladilar.