Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

“YASHIL O'ZBEKISTON: LANDSHFT VA BIOLOGIK XILMA-XILLIKNI SAQLASH MASALALARI”

16:25, 07.11.2025      

“Yashil O‘zbekiston: landshaft va biologik xilma-xillikni saqlash masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda mamlakatimizda e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi doirasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida Farg‘ona davlat universitetida “Yashil O‘zbekiston: landshaft va biologik xilma-xillikni saqlash masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Tadbir Tabiiy fanlar fakulteti hamda Geografiya kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Mazkur ilmiy anjuman atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish hamda O‘zbekiston landshaftlari va biologik xilma-xilligini asrab-avaylash masalalariga bag‘ishlandi.

Konferensiyaning bosh maqsadi — ilmiy g‘oyalarni amaliy takliflarga aylantirish, ekologik muvozanatni saqlash yo‘lida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishdan iboratdir.

Anjumanda oliygoh rahbariyati, tajribali professor-o‘qituvchilar, sohaga doir mutaxassislar, yosh tadqiqotchilar, shuningdek xorijiy hamkor universitetlardan kelgan olimlar ishtirok etdilar.

Tadbirni ochib bergan Farg‘ona davlat universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori, geografiya fanlari doktori, professori - Yusupjon Ahmadaliyev o‘z nutqida “Yashil iqtisodiyot” konsepsiyasi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanganini ta’kidlab, ilmiy salohiyatni amaliy loyihalar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini qayd etdi.

Osh davlat universiteti professori Abdurashid Nizamiyev o‘z ma’ruzasida mintaqaning tabiiy landshaftlarini saqlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik madaniyatni yoshlar ongiga singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. U, shuningdek, “yashil” texnologiyalarni joriy etish orqali ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘llariga oid ilmiy takliflarini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisining birinchi o‘rinbosari, professor Fazliddin Hikmatov o‘z chiqishida mamlakatimiz hududlarida landshaft monitoringi va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, zamonaviy GIS texnologiyalarining imkoniyatlari, hamda ilmiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Anjumanda quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy fikr almashildi:

ekologik muammolarni hal etishda innovatsion yondashuvlar;

biologik xilma-xillikni saqlash va tiklash strategiyalari;

“yashil” iqtisodiyotning hududiy rivojlanishdagi roli;

iqlim o‘zgarishining mahalliy ekotizimlarga ta’siri;

ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirish masalalari.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan ilmiy rezolyutsiya qabul qilinib, unda “Yashil O‘zbekiston” konsepsiyasini amalda ro‘yobga chiqarishga doir aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi. Mazkur takliflar respublika miqyosidagi ekologik dasturlarda ham inobatga olinishi kutilmoqda.

Konferensiya nafaqat ilmiy fikr almashuv maydoniga, balki yosh tadqiqotchilar uchun ilhom manbaiga aylandi. Farg‘ona davlat universiteti jamoasi bu kabi xalqaro anjumanlar orqali “Yashil O‘zbekiston” g‘oyasini amaliy harakatlarga aylantirishda davom etadi.