
Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov Fizika-matematika fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy salohiyatni rivojlantirish va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ochiq uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir ochiq muloqot ruhida kechib, fakultet jamoasida ilmiy va pedagogik faoliyatni yanada samarali tashkil etish yo‘nalishlarini belgilashga qaratildi.
Uchrashuv davomida rektor professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda yosh kadrlarni ilmiy izlanishlarga jalb etish, ularning tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish va ilmiy loyihalarda faol ishtirokini oshirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, fakultet olimlarining maqolalari sifatini yaxshilash, xalqaro konferensiyalar va reytinglarda faol ishtirok etish bo‘yicha strategik vazifalar belgilandi.
Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, professor-o‘qituvchilar o‘z fikrlarini bildirdi, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Rektor Shermuhammadov fakultet jamoasining ilmiy izlanishlarga bo‘lgan mas’uliyatini yuqori baholab, kelgusida yanada muvaffaqiyatli natijalarga erishish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Bo’lib o’tgan uchrashuv Fizika-matematika fakultetida ilmiy salohiyatni oshirish, yosh kadrlarni rag‘batlantirish va universitetning xalqaro ilmiy maydondagi mavqeini kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
