
Farg‘ona davlat universitetida yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, jamoaviylik va sportga muhabbatni yanada kuchaytirishga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining yakuniy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Olimpiada doirasida voleybol, stritbol, yengil atletika, stol tennisi va mini-futbol kabi ommabop sport turlari bo‘yicha bahslar o‘tkazildi.
Tadbir avvalida universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov so‘zga chiqib, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi, bardoshlilik, intizom va do‘stona muhitda tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etdi. Rektor sport nafaqat jismoniy chiniqish, balki ijtimoiy faollik, yetakchilik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Olimpiadada universitetning turli fakultetlari jamoalari faol ishtirok etdi. Ayniqsa, Sport faoliyati fakulteti talabalari ko‘plab yo‘nalishlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, o‘zining sport maktabi sifatidagi salohiyatini yana bir bor isbotladi.
Ularning g‘alabalari va to‘liq natijalar ro‘yxati maxsus e’lon orqali taqdim etildi.
Musobaqalar jarayoni nafaqat g‘oliblar aniqlanishi, balki talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ularni muntazam sport bilan shug‘ullanishga undash, vaqtni mazmunli o‘tkazish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Yoshlarning sport maydonlarida ko‘rsatgan irodasi, jipslashgan jamoaviy o‘yini va yuksak mahorati tadbirga o‘ziga xos ruh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” oliygohda sport va sog‘lom hayot tamoyillarini keng targ‘ib etuvchi muhim tashabbus sifatida o‘z natijalarini bermoqda.
