
Yilning eng muhim ilmiy voqealaridan biri – xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiya Buxoro shahrida o‘z ishini boshladi.
17-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish jamiyati, “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamda Istanbul tijorat universiteti hamkorligida “Oliy ta’lim tizimida talaba-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va oilaviy hayotga tayyorlash: Gender tenglik, milliy tajriba va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari” mavzusida yirik xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Ushbu anjuman oliy ta’lim tizimida gender tenglikni ta’minlash, talaba-qizlarning ijtimoiy faolligi va hayotga tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni muhokama qilishni maqsad qilgan bo‘lib, unda mamlakatimiz va xorijdan taniqli olimlar, ekspertlar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida dastlab Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning kirish so‘zlari o‘qib eshittirildi. Vazir o‘z nutqida talaba-qizlarning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirish, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga qaratilgan islohotlarning izchil davom etayotganini ta’kidladi.
Anjumanda Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan kelgan faxriy mehmonlar, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari xotin-qizlar maslahat kengashi raislari, ilm-fan rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan olima ayollar, yosh tadqiqotchilar va ijtimoiy faol talabalar qatnashdi.
Mazkur tadbirda Farg’ona davlat universitetining xotin-qizlar maslahat kengashi raisi M.Kamalova hamda universitet professori T. Egamberdiyevalar ham faol ishtirok etmoqdalar.
Anjumanda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, turli davlatlarda talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning amaliy mexanizmlari, oilaviy hayotga tayyorlovchi dasturlar, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berdilar.
Konferensiya davomida oliy ta’lim sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar yaratish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va gender siyosati bo‘yicha innovatsion tajribalarni joriy etish bo‘yicha kelgusidagi rejalarga ham e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bir qator qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi va amaliy takliflar ishlab chiqildi. Ushbu tashabbuslar talaba-qizlarning ta’limdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va kasbiy kamolotini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.