

18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i haqidagi Qonun qabul qilinganiga 34 yil to‘ldi. Ushbu qutlug‘ sana yurtimizda keng nishonlanar ekan, Farg‘ona davlat universitetida ham mazkur muhim sanaga bag‘ishlangan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir Farg‘ona viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda hamda talaba-yoshlar faol ishtirokida o‘tkazildi.
Tantanali tadbir universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadovning kirish so‘zi bilan boshlandi. Rektor o‘z nutqida Davlat bayrog‘ining Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning yuksak orzu-intilishlari va tarixiy o‘zlik timsoli sifatidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. U bayroqning ranglari, undagi ramzlarning mazmuni, milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq jihatlarni keng yoritib, yoshlar qalbida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Tadbirning navbatdagi qismida Farg‘ona viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari M. G‘oyipov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan bandlar, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatini batafsil sharhlab berdi.
U bayroqni hurmat qilish faqatgina rasmiy talab emas, balki har bir fuqaroning Vatanga bo‘lgan sadoqati, milliy o‘zligiga bo‘lgan hurmatining ifodasi ekanini alohida qayd etdi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘rtasida Davlat bayrog‘i va davlat ramzlariga bag‘ishlangan qiziqarli viktorina o‘tkazildi. Faol ishtirok etgan talabalarga esdalik sovg‘alari — kitoblar jamlanmasi topshirildi. Bu esa yoshlarning davlat ramzlariga oid bilimlarini mustahkamlash, ularni ilm-fanga qiziqtirishda muhim qadam bo‘ldi.

Tadbir shoirlar, xonandalar va ijodkor talabalar tomonidan ijro etilgan Vatanga bag‘ishlangan she’rlar, qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi. Badiiy chiqishlar bayram shukuhini yanada oshirib, yig‘ilganlarda yurtga mehr, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirdi.
Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan ushbu ma’rifiy tadbir yoshlar ongida milliy ramzlarimizga hurmat, Vatan ravnaqi uchun mas’uliyat hissini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Davlat bayrog‘ining yurtimiz taraqqiyotining ajralmas timsoli ekanini, uni hurmatlash esa har birimizning muqaddas burchimiz ekanini yana bir bor ta’kidladilar.