
Farg‘ona davlat universiteti O‘zbekiston–Xitoy arxeologiya qo‘shma kafedrasi 2-bosqich magistranti Abdugʻaniyev Shukurullo Tavakkaljon o‘g‘li xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy loyihada muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘zining kasbiy salohiyati va ilmiy izlanishlarga bo‘lgan yuksak intilishini yana bir bor namoyon etdi.
2025-yil 28-aprel – 2-may kunlari u Samarqand arxeologiya instituti hamda Koreya madaniy meros agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Artefaktlarni boshqarish – mahalliy texnik ta’lim dasturi” doirasidagi maxsus amaliy kursda qatnashdi. Mazkur dastur arxeologiyada qo‘llaniladigan zamonaviy texnika va uslubiyatlarni o‘rgatish, jumladan, artefaktlarni aniqlik bilan qayd qilish, o‘lchash, chizish, ularni raqamlashtirish va ilmiy tahlilga tayyorlash bo‘yicha chuqur bilimlar berishni maqsad qilgan.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar real arxeologik topilmalar ustida ishlash, xalqaro metodikalardan foydalanish va yuksak ilmiy standartlarga mos ko‘nikmalarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shukurullo Abdugʻaniyev mazkur jarayonlarda o‘zining faolligi, aniqligi va ilmiy tafakkuri bilan ajralib turdi.
2025-yil 14-noyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan yil yakuniga bag‘ishlangan xalqaro workshopda magistrant ushbu kursni yuqori natijalar bilan tamomlagani uchun sertifikat bilan taqdirlandi. Mazkur e’tirof uning ilmiy faoliyatidagi muhim bosqichlardan biri bo‘lib, kelgusida yurtimiz arxeologiya yo‘nalishining rivojlanishiga qo‘shadigan hissasi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Bu yutuq Farg‘ona davlat universiteti yosh tadqiqotchilarining xalqaro ilmiy maydondagi faolligi ortib borayotganini, ular dunyo ilm-faniga mos ko‘nikmalarni egallab, yirik loyihalarda o‘z o‘rnini topayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.