
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida katta shukuh bilan tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalari o‘zining yorqin final pallasiga yetdi. Mamlakatimizning turli hududlaridan eng kuchli jamoalarni birlashtirgan ushbu nufuzli sport festivali yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, iste’dodlarni kashf qilish va sportga qiziqishni yanada oshirishni maqsad qilgan.
Shu jarayonda Farg‘ona davlat universiteti jamoasi ham o‘zining salohiyati va jipslashgan jamoaviy o‘yini bilan ajralib turdi. Talabalarimiz besh yo‘nalish bo‘yicha Respublika final bosqichida faol ishtirok etib, bir nechta yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishishdi.
Musobaqalarda namoyish etilgan irodali o‘yin, qat’iyat va mas’uliyatli tayyorgarlik tufayli Farg‘ona davlat universiteti jamoasi olimpiadaning eng faol va e’tirof etilgan ishtirokchilaridan biriga aylandi.
Olingan yutuqlar universitetimizda jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan e’tibor, murabbiylar mehnati hamda yoshlarimizning intilishi samarasidir. Ushbu natijalar kelgusida yangi marralarni zabt etishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.