
Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengashda O‘zbekiston tarixi sohasiga oid navbatdagi ilmiy tadqiqot ishonchli natijalar bilan yakunlandi. Tarix fakulteti, O‘zbekiston tarixi kafedrasi o‘qituvchisi Hakimov Adhambek Ahmadjon o‘g‘li 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “XIV asrning 60-yillari Movarounnahrda hokimiyat uchun kurash” mavzusidagi dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Himoya jarayoni Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengashda o‘tkazilib, unda sohaga oid yetuk olimlar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya mazmuni, ilmiy yangiliklari, manbashunoslik tahlillari hamda mavzuning tarixshunoslikdagi ahamiyati yuqori baholandi. Natijada Adhambek Hakimovning ilmiy ishi 100 foiz ovoz bilan ma’qullanib, unga tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish huquqi berildi.
Ushbu dissertatsiya XIV asrning 60-yillarida Movarounnahr siyosiy hayotida yuz bergan murakkab jarayonlar, amirliklar o‘rtasidagi ziddiyatlar va hokimiyat uchun kurashning tarixiy asoslarini ilmiy nuqtai nazardan yoritadi. Mavzu o‘zining boy manbaviy bazasi, yangi ilmiy yondashuvlari va asoslangan xulosalari bilan o‘zbek tarixshunosligiga munosib hissa qo‘shadi.
Dissertatsiya himoyasining muvaffaqiyatli yakunlanishi nafaqat tadqiqotchining shaxsiy ilmiy yutug‘i, balki universitetning ilmiy salohiyati oshib borayotganining yaqqol ifodasidir. Yosh olimlarning tarix sohasidagi izlanishlari qo‘llab-quvvatlanayotgani, ilmiy maktablarning shakllanayotgani va zamonaviy tarixshunoslikka bo‘lgan e’tibor ortib borayotgani bunday natijalar orqali namoyon bo‘lmoqda.