Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

PSIXOANALIZ ONG, ONGOSTI VA ONGSIZLIK SIRLARI

12:45, 26.11.2025      

Ruhiy ongni anglash — insonning o‘ziga bo‘lgan eng kuchli investitsiyasidir.

Bugungi globallashuv, axborot portlashi va keskin o‘zgarayotgan ijtimoiy muhit inson ruhiy dunyosini chuqurroq anglash zaruratini oldinga surmoqda. Shaxs xulqi, uning qarorlari va reaktsiyalari ko‘pincha anglangan fikrlar bilan emas, balki ongosti va ongsizlikda yashiringan kuchlar tomonidan boshqarilishini psixologiya allaqachon isbotlagan. Odamlar duch kelayotgan megaxatarlar, ma’naviy bosimlar va psixologik xavflar fonida bu haqiqat yanada ravshanlashmoqda.

Aynan shunday sharoitda psixoanalitik qarashlar qayta tiklanayotgan qadr-qimmat kasb etmoqda.

Avstriyalik buyuk olim Zigmund Freyd inson psixikasini muz tog‘iga (aysbergga) qiyoslab, odamning real xatti-harakati ong orqali boshqarilayotgandek tuyulsa ham, aslida uning tubida — ongosti va ongsizlikda yashiringan:

  • -mayllar,
  • -instinktlar,
  • -qo‘rquvlar,
  • -bostirilgan hislar,
  • -bolalikdan qolgan komplekslar katta rol o‘ynashini isbotlagan.

Bugungi xavf va tahdidlar kuchaygan davrda insonning o‘zini saqlash instinkti, sezilmaydigan ichki reaktiv kuchlari, stress va xavotir mexanizmlari Freyd qarashlarining dolzarbligini yanada oshirmoqda. Shuning uchun psixoanalitik bilimlar faqat olimlar uchun emas, balki shaxsiy rivojlanish, psixologik barqarorlik va ijtimoiy faollik uchun ham muhim manbaga aylandi.

Farg‘ona davlat universiteti psixologiya kafedrasi dotsenti Atadjanov Mamirjon Yusupovich tomonidan taqdim etilayotgan ushbu yangi darslik — 2004-yilda nashr etilgan mashhur “Psixoanaliz asoslari” (https://unilibrary.uz/literature/828941) qo‘llanmasining yangilangan, kengaytirilgan va bugungi real vaziyatlarga moslab qayta ishlangan ilmiy nashridir.

Klassik psixoanalizning asosiy tushunchalari zamonaviy psixologiya yutuqlari bilan uyg‘unlashtirilgan.

Ong osti va ongsizlikning inson xulqiga ta’siri haqidagi nazariyalar real hayotiy misollar bilan boyitilgan.

Bugungi megatahdidlar — axborot tanqisligi, ma’naviy bosimlar, stress sindromlari, manipulyatsiya texnikalari — psixoanalitik nuqtai nazardan sharhlangan.

Inson psixikasidagi himoya mexanizmlari va ularning kundalik hayotdagi roli chuqur tahlil qilingan.

Talaba, mutaxassis va o‘quvchilar uchun qulay bo‘lgan zamonaviy tushuntirishlar, diagrammalar va izohlar bilan to‘ldirilgan.

Bu darslik psixoanalizni qayta kashf etishga undaydigan, ilmiy mushohadani kengaytiradigan va ruhiy jarayonlarni chuqurroq anglashga yordam beradigan noyob manbadir. Mazkur darslik:

  • -Psixologiya yo‘nalishidagi talabalar;
  • -Amaliy psixologlar, konsultantlar va psixoterapevtlar;
  • -Ta’lim va tarbiya sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar;
  • -Ijtimoiy xavfsizlik, shaxsiy rivojlanish va ma’naviy barqarorlikka qiziqqan har bir o‘quvchi;
  • -O‘zini anglashni, ichki ziddiyatlarni tushunishni va ruhiy barqarorlikni mustahkamlashni istaganlar uchun mo’jallangan

Ong, ongosti va ongsizlik o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni anglash nafaqat akademik bilimdir — bu shaxsning o‘zini boshqarishi, stressga qarshi turishi va ma’naviy barqarorligini ta’minlashning eng kuchli vositasidir.

Atadjanov Mamirjon Yusupovichning yangilangan darsligi inson ruhiyatining yashirin qatlamlarini ochishga yordam beradigan, zamonaviy tahdidlar davrida har bir o‘quvchi uchun zarur bo‘lgan ilmiy manbadir.