
2025-yil 22–23 noyabr kunlari Toshkent viloyati nufuzli sport musobaqasi — Karatening WUKF yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatiga muvaffaqiyatli mezbonlik qildi. Mazkur chempionat Osiyodagi eng yirik karate anjumanlaridan biri bo‘lib, mintaqaning turli davlatlaridan kuchli sportchilar ishtirok etdi. Murakkab kurashlar, yuqori darajadagi texnika va mahorat talab qilgan bahslarda o‘zbekistonlik sportchilar o‘z salohiyati va mahoratini yorqin namoyon etdi.
Ushbu yirik musobaqada Farg’ona davlat universitetining Jismoniy madaniyat fakulteti talabalaridan iborat yosh sportchilar ham qatnashib, tengsiz irodasi, mahorati va puxta tayyorgarligi bilan ajralib turdilar.
Quyidagi talabalar o‘z vazn toifalarida Osiyoning eng kuchli raqiblari bilan bahs olib borib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildilar:
Jalilov Rozimuhammad
Yosh toifasi: 18+
Vazni: –67 kg
Natija: 3-o‘rin
Murakkab va keskin bellashuvlarga qaramay, Rozimuhammad kuchli raqiblar orasida o‘z o‘rnini munosib egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Abdulatipov Muhammadrizo
Yosh toifasi: 18+
Vazni: +75 kg
Natija: 1-o‘rin
Muhammadrizo chempionat davomida yuqori darajadagi texnika va ishonchli taktikani namoyish etib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Kuldasheva Oysha
Yosh toifasi: 18+
Vazni: –61 kg
Natija: 1-o‘rin
Oysha o‘z kategoriyasida tengsiz mahorat ko‘rsatib, Osiyo chempioni degan sharafli unvonga loyiq topildi. Bu natija nafaqat fakultet, balki butun jamoamiz uchun katta faxrdir.
Yosh sportchilarimizning bunday yuksak natijalari — ularning doimiy mehnati, murabbiylarining professional tayyorgarligi va fakultetda yaratilgan sport muhitining samarasi hisoblanadi.
Ularning muvaffaqiyati boshqa talabalarga ham motivatsiya bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz.