Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 482
  • Ko`rib chiqilganlar 448
    • Takliflar 60
    • Arizalar 373
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

FARGʻONA DAVLAT UNIVERSITETI DUNYONING ENG BARQAROR UNIVERSITETLARI QATORIDA

10:04, 22.12.2025      

Fargʻona davlat universiteti xalqaro miqyosda yana bir muhim yutuqqa erishdi. Universitet 2025-yilgi UI GreenMetric World University Rankings natijalariga koʻra, 105 davlatdan ishtirok etgan 1 745 ta oliy taʼlim muassasasi orasida dunyo boʻyicha 327-oʻrinni egalladi.

Mazkur reyting dunyo universitetlarining barqaror rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya samaradorligi, taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati kabi mezonlar asosida baholanishini nazarda tutadi. Ushbu natija Fargʻona davlat universitetining zamonaviy, ekologik masʼuliyatli va innovatsion oliy taʼlim muassasasi sifatidagi nufuzini yana bir bor tasdiqladi.

UI GreenMetric reytingi doirasida Fargʻona davlat universiteti bir qator yoʻnalishlar boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarni qayd etdi:

Energiya va iqlim oʻzgarishi yoʻnalishida — dunyo boʻyicha 36-oʻrin

Taʼlim va ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishida — 79-oʻrin

Bu koʻrsatkichlar universitetda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, iqlim oʻzgarishiga qarshi ilmiy izlanishlar va taʼlim jarayoniga barqaror rivojlanish tamoyillarini chuqur integratsiya qilish samarasi ekanini koʻrsatadi.

2025-yilgi UI GreenMetric reytingiga Oʻzbekistondan 79 ta oliy taʼlim muassasasi kiritilgan boʻlib, Fargʻona davlat universiteti:

Umumiy milliy reytingda — 2-oʻrin

Energiya va iqlim oʻzgarishi yoʻnalishida — 1-oʻrin

Taʼlim va ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishida — 2-oʻrin

ni egalladi. Bu natijalar universitetning respublika miqyosida ham barqaror rivojlanish boʻyicha yetakchi OTMlardan biri ekanini yaqqol namoyon etadi.

Fargʻona davlat universitetida soʻnggi yillarda “yashil kampus” konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, ekologik infratuzilmani rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlash, yashil hududlarni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar oʻz samarasini bermoqda.

Shuningdek, universitetda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, talabalar va professor-oʻqituvchilarning ekologik madaniyatini oshirish, iqlim oʻzgarishi masalalariga bagʻishlangan taʼlim dasturlari Fargʻona davlat universitetini xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallashiga xizmat qilmoqda.

Mazkur yutuqlar Fargʻona davlat universitetining barqaror rivojlanishga sodiq siyosati, innovatsion yondashuvlari hamda kelajak avlodlar uchun ekologik masʼuliyatni ustuvor vazifa sifatida belgilaganini yana bir bor tasdiqlaydi.