

Farg‘ona shahrida turizm, tekstil, hunarmandchilik, robototexnika hamda ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan tashqari, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan tashrif buyurgan tadbirkor ayollar, soha mutaxassislari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Forum doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish masalalari keng muhokama qilindi.

Ushbu xalqaro maydonda Farg‘ona davlat universiteti ham munosib ishtirok etdi. Jumladan, universitetning Chet tillari fakulteti, Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi o‘qituvchilari — Usmonova Diyoraxon hamda ETA Hlamenko Elena forum ishida faol qatnashib, xorijiy hamkorlar bilan muloqot olib bordilar, tajriba almashish jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar.
Forum davomida ta’lim, til o‘qitish, kasbiy rivojlanish va xalqaro loyihalar doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, kelgusida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. FarDU ustozlarining bunday nufuzli xalqaro tadbirlardagi ishtiroki universitetning xalqaro aloqalari va ilmiy-pedagogik salohiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Mazkur forum Farg‘ona viloyatining investitsion salohiyatini namoyon etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.