


Respublikamizning nufuzli ommaviy axborot vositalaridan biri — “O‘zbekiston tarixi” telekanalida milliy tariximizga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olim va ijodkorlarni ulug‘lashga bag‘ishlangan “Tarix e’tirofi – 2025” bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbir tarixiy merosimizni chuqur tadqiq etish, uni keng jamoatchilikka yetkazish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan yetuk tarixchi olimlar, ilmiy jamoatchilik va Ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtirdi. Bayram tadbiri davomida yurtimiz tarixini ommalashtirish, ayniqsa, uni zamonaviy teleformat orqali xalqimizga sodda va ta’sirchan tarzda yetkazish borasidagi samarali ishlar e’tirof etildi.
Tadbirning eng quvonarli va e’tiborga molik jihatlaridan biri — Ustozimiz Usmonov Baxriddin Axmedovichning munosib taqdirlanishi bo‘ldi. U kishi “O‘zbekiston tarixi” telekanali bilan ko‘p yillik samarali hamkorligi, shuningdek, Temuriylar davri tarixini chuqur ilmiy asosda o‘rganib, uni xalqimiz ongiga singdirishdagi beqiyos xizmatlari uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rahbariyati tomonidan alohida e’tirof etildi.
Bayram tadbiri doirasida ustozga esdalik sovg‘asi va tashakkurnoma tantanali ravishda topshirildi. Ushbu e’tirof nafaqat bir olimning mehnatiga berilgan baho, balki tarix faniga sadoqat, ilmiy halollik va milliy xotirani asrash yo‘lidagi fidoyilikning yuksak qadrlanishi sifatida ahamiyatlidir.
“Tarix e’tirofi – 2025” tadbiri yana bir bor shuni namoyon etdiki, milliy tariximizni asrab-avaylash, uni yosh avlodga yetkazish yo‘lida olib borilayotgan ilmiy va ijodiy sa’y-harakatlar davlat va jamiyat e’tiborida bo‘lib, munosib rag‘batlantirilmoqda.