

Yurtimiz sporti ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Farg‘ona davlat universiteti talabalari xalqaro sport maydonlarida yana bir bor yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tardilar.
Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan belbog‘li kurash bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan FarDU talabalari o‘z mahorati, matonati va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy ishonchi bilan ajralib turdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra:
A’zamjon Anvarjonov — 1 oltin medal,
Hayotbek Kamoldinov — 1 oltin medal,
Pahlavon Umaraliyev — 3 bronza medal sohibiga aylandilar.
Bu natijalar nafaqat talabalarning shaxsiy yutug‘i, balki FarDU sport maktabining yuqori salohiyatini yaqqol namoyon etadi.
Shu bilan birga, Dubay shahrida o‘tkazilgan V Yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida ham universitetimiz sportchilari munosib ishtirok etib, katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Para yengil atletika bahslarida FarDUning sport faoliyati yo‘nalishi talabasi Hikmatillo Mamaroziqov a’lo darajadagi chiqishi bilan:
1 ta oltin,
1ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Universitet jamoasi chempion sportchilarni iliq va tantanali ruhda qarshi oldi. Tabriklash marosimida so‘zga chiqqan universitet rahbariyati sportchilarimizning yutuqlarini alohida e’tirof etib, muhim statistik ma’lumotni ta’kidladi: xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan 99 ta oltin medalning 9 tasi, ya’ni qariyb 10 foizi FarDU sportchi talabalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa universitetda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning yorqin samarasidir.
Mazkur g‘alabalar Farg‘ona davlat universiteti va butun viloyatimiz faxri bo‘lib, yoshlarimizning irodasi, mehnatsevarligi va ustozlarining fidokorona sa’y-harakatlari natijasidir.
FarDU jamoasi chempion sportchilarimizni, ularning ota-onalari va murabbiylarini ushbu ulkan yutuqlar bilan samimiy muborakbod etadi hamda kelgusidagi musobaqalarda yanada baland marralarni zabt etishlariga tilakdosh bo'lib qoladi.