Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 482
  • Ko`rib chiqilganlar 448
    • Takliflar 60
    • Arizalar 373
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA: AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR MEROSI ILMIY TAHLIL MARKAZIDA

16:04, 25.12.2025      

2025-yil 24-dekabr kuni Farg‘ona davlat universitetida tarixiy merosni chuqur o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini ilmiy asosda tahlil etish hamda Uchinchi Renessans g‘oyalarini targ‘ib etishga bag‘ishlangan “Buyuk Temuriylarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi va Uchinchi Renessans” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli anjumanda respublikaning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan taniqli mutaxassislar, tarixchi va sharqshunos professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Konferensiya davomida Amir Temur va temuriylar davrida shakllangan davlat boshqaruvi tizimi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyoti, bunyodkorlik an’analari hamda ularning bugungi Uchinchi Renessans jarayonlari bilan uzviy bog‘liqligi yuzasidan chuqur ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Tadqiqotlarda temuriylar davrining jahon tarixidagi o‘rni, ilmiy maktablar rivoji, me’morchilik va madaniy merosning umuminsoniy ahamiyati atroflicha yoritildi.

Ayniqsa, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, professor Muhammad Ali hamda taniqli tarixchi olim professor Narzulla Jo‘rayevning mazkur mavzuga doir ilmiy-nazariy qarashlari, tarixiy xulosalari va bugungi davr bilan bog‘liq tahlillari konferensiya ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish va olqish bilan kutib olindi.

Anjuman doirasida qizg‘in ilmiy munozaralar bo‘lib o‘tdi, bildirilgan fikr va takliflar asosida temuriylar merosini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, ularni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda yosh avlod ongida tarixiy xotirani mustahkamlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.