

Respublikamiz sport hayotidagi muhim musobaqalardan biri — stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi o‘z nihoyasiga yetdi. Yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yetakchi jamoalar va iqtidorli sportchilar ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqa yuqori saviyada tashkil etildi.
Final bahslari keskin va murosasiz kurashlar ostida kechib, stol tennisi bo‘yicha mamlakatimizning eng kuchli jamoalari o‘rtasidagi raqobat yana bir bor namoyon bo‘ldi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularning mehnati va sport mahorati munosib e’tirof etildi.
Quvonarlisi, mazkur musobaqada Farg‘ona davlat universiteti sharafini himoya qilgan Sport faoliyati fakulteti, 2-bosqich “Stol tennisi” yo‘nalishi talabasi Abduqaxxorova Go‘zalxon Alisherjon qizi ham faol ishtirok etib, jamoaviy bahslarda faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu natija FarDUda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor, yoshlarimizning izchil mashg‘ulotlari va yuksak salohiyatining yorqin dalilidir.
Musobaqa davomida yosh sportchilarning texnik tayyorgarligi, tezkorligi va raqobatbardoshligi yaqqol namoyon bo‘lib, stol tennisi sport turining mamlakatimizda tobora rivojlanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.