
Talaba-yoshlarning ijtimoiy faolligi, tashabbuskorligi va yetakchilik salohiyatini oshirishga qaratilgan nufuzli loyihalardan biri — “Yilning eng faol talabasi – 2025” respublika ko‘rik-tanlovi o‘z yakuniga yetdi. Tanlovning final bosqichi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazida yuqori saviyada tashkil etildi.
Yakuniy bosqichda tanlovning barcha nominatsiyalari bo‘yicha saralashlardan muvaffaqiyatli o‘tgan eng faol, tashabbuskor va iqtidorli talabalar o‘z taqdimotlari, erishgan yutuqlari hamda ijtimoiy loyihalari bilan ishtirok etdilar. Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan adolatli va shaffof mezonlar asosida baholandi.
Bugungi baholash bosqichi
Final kunida quyidagi ikki muhim nominatsiya bo‘yicha taqdimotlar ko‘rib chiqildi:
“Yilning eng faol ijodkor talabasi”
“Yilning eng faol tadbirkor talabasi”
Baholash yakunlariga ko‘ra “Yilning eng faol tadbirkor talabasi” nominatsiyasi bo’yicha Farg‘ona davlat universiteti talabasi Mohinur Orifjonova faxrli 2-o‘rin egallab, FarDU talabalarining ijtimoiy faolligi va tadbirkorlik salohiyati yuksak darajada ekanini yana bir bor isbotladi.
Taqdimotlar yakunlangach, Markaz rahbari Abdumalik Akramov tanlov jarayonini xolis va professional baholab borgan Hakamlar hay’ati a’zolariga tashakkurnomalar topshirdi. Shuningdek, nominatsiyalar bo‘yicha 4- va 5-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar vazirlikning faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.