


Farg‘ona davlat universiteti Kengashining 5-sonli navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish avvalida ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, ilmiy daraja va unvonlarga sazovor bo‘lgan bir guruh professor-o‘qituvchilar tantanali ravishda taqdirlandilar.
Kengash davomida universitet jamoasi tomonidan erishilgan muhim yutuqlar alohida e’tirof etildi. Xususan, 15–18-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Intellektual olimpiada” doirasidagi “Zakovat” turnirida Farg‘ona davlat universiteti jamoasi faxrli 2-o‘rinni egallab, 60 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, universitet talabalari sport sohasida ham yuksak natijalarga erishib kelayotgani ta’kidlandi. Karate bo‘yicha Osiyo va O‘zbekiston chempionatlari hamda “Talaba-yugur” respublika bosqichida talabalarimiz oltin medallarni qo‘lga kiritib, universitet nufuzini yuksaltirdilar.
Musobaqa va tanlovlar g‘oliblari universitet rahbariyati tomonidan diplomlar, esdalik sovg‘alari hamda maxsus vaucherlar bilan taqdirlandilar.
Yig‘ilishda yana bir muhim yutuq — universitetning xalqaro maydondagi e’tirofi alohida qayd etildi. Farg‘ona davlat universiteti 2025-yilda UI GreenMetric reytingida dunyo oliy ta’lim muassasalari orasida 327-o‘rinni, O‘zbekiston bo‘yicha esa 2-o‘rinni egallab, xalqaro sertifikat bilan taqdirlandi. Mazkur sertifikatni Kengash raisi Bahodirjon Shermuhammadov tantanali tarzda qabul qilib oldi.
Ushbu yutuqlar Farg‘ona davlat universitetining ilm-fan, sport va barqaror rivojlanish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlari samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.