Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 482
  • Ko`rib chiqilganlar 448
    • Takliflar 60
    • Arizalar 373
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

FARG‘ONA VILOYATIDA FUTBOL TARAQQIYOTI YO‘LIDA MUHIM QADAM

10:52, 30.12.2025      

Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Farg‘ona davlat universiteti anjumanlar zalida viloyat futbol hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi maxsus uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi yetakchi futbol klublari va akademiyalar vakillari ishtirok etib, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan memorandum imzolandi.

Mazkur uchrashuvda Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziev, Farg‘ona davlat universiteti rektori, “FarDU” futbol klubi prezidenti Bahodirjon Shermuhammadov, “Neftchi” futbol akademiyasi direktori Igor Ximich, shuningdek “Tsementchi” va “Yaypan” futbol klublari rahbariyati vakillari qatnashdilar.

Imzolangan hamkorlik memorandumi viloyatda futbolni tizimli ravishda rivojlantirish, klublar o‘rtasida futbol birdamligini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, musobaqalar tashkilotchiligini takomillashtirish, murabbiylar malakasini oshirish hamda iqtidorli yosh futbolchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash kabi muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziev viloyat futbolini rivojlantirishda bunday hamkorlik aloqalari muhim ekanini ta’kidladi. U, ayniqsa, terma jamoalar uchun foyda keltira oladigan iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash, klublarni barqaror va tizimli asosda shakllantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.

Farg‘ona davlat universiteti rektori, “FarDU” futbol klubi prezidenti Bahodirjon Shermuhammadov esa Yangi O‘zbekistonda futbol sport turiga bo‘lgan e’tibor tobora kuchayib borayotganini alohida ta’kidladi:

— Biz universitet qoshida “FarDU” futbol klubini tashkil etganimizda respublika va viloyat futbol tizimidagi barcha mutasaddilar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandik. Bugungi kunda Farg‘ona davlat universitetida futbol sport turi bo‘yicha alohida ta’lim yo‘nalishi ochildi. “FarDU” futbol klubi qisqa vaqt ichida sport tamoyillariga sodiq holda bosqichma-bosqich rivojlanib, O‘zbekiston Pro-ligasigacha yetib keldi. Endi asosiy maqsadimiz — jamoani Superliga darajasiga olib chiqish va kelajakda xalqaro maydonlarda ishtirok etishdir. Bu esa, avvalo, universitetimizda tahsil olayotgan talaba-yoshlar manfaatlariga xizmat qiladi. Bugun imzolangan memorandum viloyat futbol klublari o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi rektor.

Shuningdek, uchrashuvda so‘zga chiqqan “Neftchi” futbol akademiyasi direktori Igor Ximich, “Tsementchi” va “Yaypan” klublari rahbariyati vakillari viloyatda futbolni barqaror va tizimli rivojlantirishda bunday hamkorlik dasturlari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Ular yoshlar futboli, seleksiya ishlari, murabbiylar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida viloyat futboliga oid qator dolzarb masalalar muhokama qilinib, kelgusida hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan aniq rejalar belgilab olindi.