
Farg‘ona davlat universitetida ilmiy izlanishlar va kadrlar salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘zining samarali natijalarini bermoqda. Chet tillari fakulteti Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi o‘qituvchisi Nizomova Nargiza Aliyevna 10.00.06 — Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha “Ingliz va o‘zbek tillarida ‘makon’ konseptini ifoda etuvchi birliklarning chog‘ishtirma tadqiqi” mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etgan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mazkur dissertatsiya ishi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli Ilmiy kengashda muhokama qilinib, ilmiy kengash a’zolari tomonidan 100 foiz ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa tadqiqot ishining dolzarbligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati yuqori darajada ekanini tasdiqlaydi.
Tadqiqot doirasida ingliz va o‘zbek tillarida “makon” konseptining lingvokulturologik, semantik va kognitiv xususiyatlari qiyosiy tahlil qilinib, ikki til materiallari asosida konseptual birliklarning o‘xshash va farqli jihatlari ilmiy asosda yoritib berilgan. Dissertatsiya natijalari qiyosiy tilshunoslik, tarjimashunoslik hamda chet tillarini o‘qitish metodikasi uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ilmiy yutuq Farg‘ona davlat universitetida yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy salohiyatni oshirish va xalqaro ilmiy maydonga chiqish borasida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.