Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 482
  • Ko`rib chiqilganlar 448
    • Takliflar 60
    • Arizalar 373
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

ERKIN VOHIDOV TAVALLUDINING 89 YILLIGI KENG NISHONLANDI

12:26, 30.12.2025      

O‘zbek adabiyoti va milliy tafakkurida beqiyos o‘rin tutgan O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 89 yilligi munosabati bilan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida tantanali madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Farg‘ona viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limi hamda Farg‘ona davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda adabiyotshunos olimlar, ijodkor ziyolilar, ustoz-murabbiylar, talaba-yoshlar va ijod maktabi o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir dastlab shoir haykali poyiga ehtirom ramzi sifatida gulchambarlar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Ushbu lahzalar buyuk ijodkor xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi bo‘ldi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar Erkin Vohidovning boy va sermazmun ijodi, uning milliy adabiyotimiz taraqqiyotidagi o‘rni, Vatan va insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan she’rlari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. Shoirning hayot yo‘li yosh avlod uchun ibrat maktabi ekani, uning asarlari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani alohida ta’kidlandi.

Bayramona tadbir nazm va navo uyg‘unligida davom etdi. Sahna yuzida jonli kuy-qo‘shiqlar, shoir she’rlari asosida yaratilgan musiqiy kompozitsiyalar, badiiy chiqishlar namoyish etilib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan Erkin Vohidov she’rlarining ifodali o‘qilishi tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.

Mazkur tadbir nafaqat buyuk shoir xotirasiga hurmat ifodasi, balki yoshlar qalbida adabiyotga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat va ma’naviy barkamollikni shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy maskan bo‘ldi.