
Farg‘ona davlat universitetida ilmiy salohiyatni oshirish, milliy tarixshunoslikni rivojlantirish va malakali ilmiy kadrlar tayyorlash borasidagi izchil ishlar samarasi o‘z natijasini bermoqda. Universitet ilmiy hayotida yana bir muhim voqea — tarix fanlari bo‘yicha navbatdagi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi himoyasi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Tarix fakulteti O‘zbekiston tarixi yo‘nalishi tayanch doktoranti Boltaboyev Muhammadjon Ahmadjon o‘g‘li 07.00.01 — O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbekistonda musulmon diniy muassasalari vaqf mulklarining ekspropriatsiyasi qilinishi va uning oqibatlari (XX asrning 20-yillari)” mavzusida tayyorlagan dissertatsiya ishini Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mazkur dissertatsiya ishi ilmiy kengash a’zolari tomonidan atroflicha muhokama qilinib, tadqiqotning dolzarbligi, tarixiy manbalar asosida olib borilgan chuqur tahlillari hamda ilmiy yangiligi e’tirof etildi. Himoya yakunida ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya ishi 100 foiz ovoz bilan ma’qullandi.
Tadqiqotda XX asrning 20-yillarida O‘zbekistonda musulmon diniy muassasalariga tegishli vaqf mulklarining davlat tomonidan ekspropriatsiya qilinishi jarayoni, uning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy oqibatlari arxiv hujjatlari hamda tarixiy manbalar asosida kompleks tahlil etilgan. Muallif mazkur jarayonning diniy ta’lim muassasalari, masjidlar va jamiyat hayotiga ko‘rsatgan ta’sirini ilmiy asosda yoritib bergan.
Dissertatsiya natijalari O‘zbekistonning yaqin tarixini chuqur o‘rganish, diniy-ma’naviy meros masalalarini tahlil qilish hamda tarix fanini o‘qitish jarayonida muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.