Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 482
  • Ko`rib chiqilganlar 448
    • Takliflar 60
    • Arizalar 373
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

AGRAR SOHADA ILM VA AMALIYOT UYG‘UNLIGI: FARG‘ONA DAVLAT UNIVERSITETIDA XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMAN

12:41, 30.12.2025      

Farg‘ona davlat universiteti Agrar qo‘shma fakultetida agrar tarmoqni ilmiy asosda rivojlantirish, zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Mazkur anjuman agrar sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, olimlar va amaliyotchilar uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.

Anjumanda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari, Farg‘ona davlat universitetining professor-o‘qituvchilari, yetuk olimlar, shuningdek issiqxona egalari va tomorqachilar faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida agrar sohaning bugungi holati va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan keng qamrovli fikr-mulohazalar bildirildi.

Anjuman doirasida yerdan samarali va oqilona foydalanish, urug‘ va ko‘chat ekishning zamonaviy texnologiyalari, ekinlarni parvarishlashning ilmiy asoslangan usullari, zararkunanda va hasharotlardan himoyalanish, shuningdek, yuqori hosildorlikka erishish va sifatli mahsulot yetishtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan berilgan amaliy tavsiyalar ishtirokchilar uchun katta ahamiyat kasb etdi.

Xususan, global iqlim o‘zgarishi sharoitida tuproq unumdorligini saqlash va tiklash, o‘simliklar xilma-xilligini asrash, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, anjuman mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or xalqaro tajribalarni amaliyotga joriy etish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qildi.

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman agrar sohada ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, fermer va tomorqachilar bilimini oshirish hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.