
Farg‘ona davlat universitetida ilmiy-tadqiqot faoliyatining muhim voqealaridan biri — tarix fanlari bo‘yicha navbatdagi dissertatsiya himoyasi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Universitet Tarix fakulteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi tayanch doktoranti Nizomiddinov Odiljon Bahodirovichning 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha “XX asrning 20–30-yillarida Farg‘ona viloyatidagi ijtimoiy va madaniy jarayonlar (Farg‘ona viloyati davlat arxivi fondlari asosida)” mavzusidagi dissertatsiya ishi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengashda muhokama qilindi.
Ilmiy tadqiqotda XX asrning murakkab va muhim tarixiy davrida Farg‘ona viloyatida kechgan ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy jarayonlar arxiv manbalari asosida chuqur tahlil etilgan. Xususan, Farg‘ona viloyati davlat arxivida saqlanayotgan nodir hujjatlar ilmiy muomalaga kiritilib, hudud tarixini yoritishda yangi ilmiy xulosalar berilgan. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston tarixining ushbu davrini yanada to‘liq va xolis yoritishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Dissertatsiya himoyasi jarayonida ilmiy kengash a’zolari tomonidan tadqiqotning dolzarbligi, manbaviy bazasining mustahkamligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati alohida e’tirof etildi. Berilgan savollarga da’vogar tomonidan asosli va puxta javoblar taqdim etildi.
Muhokama yakunida ilmiy kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan Nizomiddinov Odiljon Bahodirovichga tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Mazkur muvaffaqiyatli himoya Farg‘ona davlat universitetida tarix fanini rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga keng jalb etish yo‘lida amalga oshirilayotgan samarali ishlarning yana bir yorqin natijasidir.