

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, ularni oliy ta’lim jarayoniga izchil tatbiq etish maqsadida Farg‘ona davlat universitetining bir qator fakultetlarida ilmiy-amaliy o‘quv-seminarlar hamda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Xususan, Tabiiy fanlar fakulteti hamda Fizika-matematika fakultetida Prezident Murojaatnomasini chuqur o‘rganishga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbirlar davomida ta’limni modernizatsiya qilish, pedagog kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish muhim vazifa ekani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Sport faoliyati fakulteti hamda Jismoniy madaniyat fakultetida “Murojaatnoma — ta’limni rivojlantirishga qaratilgan muhim strategiya” mavzusida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi. Seminarlar davomida globallashuv jarayonida ta’lim va ilm-fan sohasini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash orqali inson kapitalini mustahkamlash masalalari keng muhokama qilindi.



Mazkur o‘quv-seminarlar yakunida Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalarni talaba-yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, ularning ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlarga daxldorligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Ushbu tadbirlar Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni oliy ta’lim tizimida izchil amalga oshirish, talaba-yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda ularni mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldorlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, mazkur seminar va mashg‘ulotlar kelgusida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.