
Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish maqsadida Britaniya Kengashi tomonidan PRESETT (Pre-Service English Teacher Training) tizimini modernizatsiya qilishga bag‘ishlangan Milliy forum tashkil etildi.
Mazkur forumda Farg‘ona davlat universiteti Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi mudiri D. Usmonova, kafedra dotsenti N. Abbasova hamda Ingliz filologiyasi kafedrasi dotsenti S. Azimova faol ishtirok etmoqda. Ularning ishtiroki FarDUda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy ifodasidir.
6–7-yanvar kunlari bo‘lib o‘tayotgan forumda mamlakatimiz bo‘ylab 50 dan ortiq davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari vakillari jamlanib, ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashda mavjud muammolar, ustuvor yo‘nalishlar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan keng muhokamalar olib bormoqda. Xususan, o‘qituvchi tayyorlash jarayonida amaliyot va nazariya uyg‘unligini ta’minlash, zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Forum doirasida refleksiv amaliyot, inklyuziv ta’lim bo‘yicha treninglar, shuningdek, modul dasturlarini baholashga oid metodik materiallar taqdim etilmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar ishtirokchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, o‘qitish jarayonida innovatsion metodlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur milliy forum ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro tajribalarni milliy ta’lim tizimiga joriy etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. FarDU vakillarining ushbu nufuzli tadbirdagi faol ishtiroki esa universitetda xorijiy tillar ta’limini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.