

Yurtimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan keng ko‘lamli “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ushbu muhim sanalar yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, fidoyilik va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida Farg‘ona davlat universiteti harbiy ta’lim fakultetida “Vatanparvarlik festivali” tashkil etildi. Festivalning asosiy maqsadi – yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda ona yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, Vatan himoyasi har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligini chuqur anglatishdan iborat bo‘ldi.

Festival doirasida fakultet jamoalari 9 ta sport turi bo‘yicha nizomda belgilangan shartlar asosida o‘zaro kuch sinashdilar. Musobaqalar davomida ishtirokchilar jismoniy tayyorgarlik, chaqqonlik, jamoaviylik va irodaviy fazilatlarini namoyon etdilar. Bellashuvlar do‘stona va raqobatbardosh ruhda o‘tdi hamda tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbir jarayonida yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratilib, sport orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, mardlik va jasorat kabi fazilatlarni shakllantirish muhim vazifa sifatida ilgari surildi.
Yakunda festival ishtirokchilari tashkiliy qo‘mita tomonidan munosib taqdirlanib, faol jamoalar va sportchilar e’tirof etildi. Ushbu Vatanparvarlik festivali yoshlar ongida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida yuksak baholandi.