
Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakulteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor Dusmatov Hikmatullo Hayitboyevich respublika miqyosida o‘tkazilgan nufuzli tanlovda yuqori natijaga erishib, yetakchi kafedra mudiri sifatida e’tirof etildi.
“Worldly Knowledge” publishing center tomonidan tashkil etilgan “OTM kafedra mudirlari uchun Katta tanlov” yakunlariga ko‘ra, tanlovda faol ishtirok etib, ilmiy-tashkiliy faoliyatda yuksak tashabbus va faollik namoyon etgan bir guruh kafedra mudirlari qo‘shimcha rag‘batlantirildi. Ushbu e’tirof ilm-fan va ta’lim sifatini oshirish yo‘lida olib borilayotgan samarali faoliyatning yorqin natijasi bo‘ldi.
Rag‘batlantirilganlar safida Farg‘ona davlat universiteti vakilining ham bo‘lishi universitet jamoasi uchun katta faxr va quvonch bo‘ldi. Professor Dusmatov Hikmatullo Hayitboyevich rahbarligida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida ta’lim jarayonini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh tadqiqotchilar salohiyatini oshirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi:
maxsus tashakkurnoma,
1 500 000 so‘m pul mukofoti,
2026-yil davomida 30 ta ilmiy maqolani bepul nashr etish huquqi
bilan taqdirlandi.
Mazkur mukofot kafedraning respublika miqyosidagi ilmiy nufuzini yanada mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.