Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 482
  • Ko`rib chiqilganlar 448
    • Takliflar 60
    • Arizalar 373
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

JANUBIY FARG‘ONA TABIATINI ILMIY TADQIQ ETISH YO‘LIDA MUHIM KASHFIYOT

16:25, 14.01.2026      

Farg‘ona davlat universiteti ilmiy salohiyati yana bir e’tiborga molik yutuq bilan boyidi. Universitet tadqiqotchisi Qayumova Oygulxon Ismoiljonovna biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdi.

Tadqiqotchi 03.00.06 — Zoologiya ixtisosligi bo‘yicha “Janubiy Farg‘onaning arvoh kapalaklari (Lepidoptera: Sphingidae) faunasi va ekologiyasi” mavzusidagi dissertatsiya ishini himoya qildi. Mazkur ilmiy ish ixtisoslashtirilgan dissertatsiya kengashi tomonidan atroflicha muhokama qilinib, ilmiy yangiligi, dolzarbligi va amaliy ahamiyati yuqori baholandi. Himoya yakunlariga ko‘ra, dissertatsiya kengash a’zolari tomonidan 100 foiz ovoz bilan ijobiy baholandi.

Dissertatsiya doirasida Janubiy Farg‘ona hududida uchraydigan arvoh kapalaklari (Sphingidae oilasi)ning turlari, ularning tarqalish areali, ekologik xususiyatlari hamda tabiiy muhit bilan o‘zaro aloqalari ilk bor tizimli ravishda o‘rganildi. Tadqiqot natijalari hudud biologik xilma-xilligini saqlash, noyob va kamyob hasharotlar faunasini muhofaza qilish, shuningdek, ekologik monitoring tizimlarini takomillashtirishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ilmiy ishning alohida ahamiyatli jihati shundaki, unda olingan natijalar nafaqat fundamental zoologiya fanini rivojlantirish, balki tabiatni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni ta’minlash va hududiy bioresurslardan oqilona foydalanish masalalarida ham amaliy qiymatga ega.

Mazkur muvaffaqiyat Qayumova Oygulxon Ismoiljonovaning fidokorona ilmiy izlanishlari samarasi bo‘lish bilan birga, Farg‘ona davlat universitetida biologiya fanlari yo‘nalishida olib borilayotgan izchil ilmiy tadqiqotlar va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatining yaqqol ifodasidir.