

14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan Farg‘ona davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etilib, bayram munosabati bilan universitetda ko‘tarinki va bayramona muhit hukm surdi.
Mazkur sana munosabati bilan universitetda bir qator tanlovlar o‘tkazildi. Xususan, talaba-yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan “Harbiy qo‘shiqlar tanlovi” hamda “Osh tanlovi” bayram tadbirlariga yanada fayz va shukuh bag‘ishladi.
“Osh tanlovi”da universitetning turli fakultetlaridan ishtirok etgan jamoalar milliy taom — osh tayyorlash bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Tanlov davomida jamoalar nafaqat osh tayyorlash jarayonini, balki milliy urf-odatlar, pazandachilik madaniyati va jamoaviy hamjihatlikni ham namoyish etdilar.
Tayyorlangan oshlar ta’mi, bezagi, taqdimoti hamda milliy an’analarga mosligi kabi mezonlar asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, eng munosib jamoalar aniqlab olindi.


Bayram tadbirlari doirasida 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlab “Harbiy qo‘shiqlar tanlovi” ham tashkil etildi. Tanlovda universitet fakultetlaridan ishtirok etgan iqtidorli talabalar harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni jonli ijroda taqdim etib, tomoshabinlarga yuksak kayfiyat ulashdilar.

Ishtirokchilarning chiqishlari ijro mahorati, sahna madaniyati va badiiy ifoda mezonlari asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Har bir ijro Vatanga muhabbat, sadoqat va mardlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tanlovlar yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularning faolligi va iste’dori munosib e’tirof etildi.