

Farg‘ona davlat universitetida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan muhim davlat tadbirlaridan biri — aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olishi mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbir ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, bosqichlari va ahamiyatini keng jamoatchilikka, xususan, ta’lim muassasasi jamoasiga tushuntirishga qaratilgan.
Davra suhbatida soha mutaxassislari ishtirok etib, Farg‘ona davlat universitetida faoliyat olib borayotgan tyutorlarga aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish jarayonini tashkil etish, uning huquqiy asoslari hamda jamiyat rivoji uchun tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berdilar. Shuningdek, tadbir davomida ro‘yxatga olishning zamonaviy usullari, raqamli platformalardan foydalanish imkoniyatlari va aholi ishtirokining muhimligi alohida ta’kidlandi.


Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olish jarayonining 1-bosqichi 15–31-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqichda fuqarolar census.stat.uz platformasi orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Mutaxassislar ushbu jarayonning qulay, tezkor va ishonchli ekanini qayd etib, barcha fuqarolarni faol ishtirok etishga chaqirdilar.
Tadbir yakunida professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish tadbirida faol qatnashishlari, mazkur jarayonni keng targ‘ib etishda tashabbuskor bo‘lishlari lozimligi ta’kidlandi. Bu esa mamlakatimizda aniq statistik ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini samarali rejalashtirishga xizmat qiladi.