
Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari doirasida yoshlar qalbida yurtga sadoqat, milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar izchil davom etmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri Agrar qo‘shma fakulteti tomonidan tashkil etildi.
Mazkur tashrifda fakultetning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi M.Yusupova, tyutorlar M.Yuldasheva va X.Yulchiyeva hamda volontyor talabalar ishtirok etib, Quvasoy shahrining Sufon MFY, Nuroniylar ko‘chasi 58-uyda istiqomat qiluvchi Afg‘on urushi qatnashchisi Sotvoldiyev Azamatjon Mirzamatovich xonadonida bo‘ldilar.
Samimiy va iliq ruhda o‘tgan uchrashuv davomida faxriy o‘zining hayotiy tajribasi, urush yillarida boshidan kechirgan sinovlari hamda bugungi tinch va osoyishta hayotning qadr-qimmati haqida talabalarga ibratli fikrlar bildirdi. U kishi yoshlarni hozirgi tinchligimiz uchun shukronalik qilishga, Vatan ravnaqi va yurt tinchligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga da’vat etib, ularga ezgu tilaklar va duolar bildirdi.
Talabalar uchun ushbu uchrashuv katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etib, ularda vatanparvarlik, jasorat va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Volontyor yoshlar faxriy bilan muloqot jarayonida uning holidan xabar olib, e’tibor va hurmat ko‘rsatish orqali insonparvarlik va mehr-oqibat qadriyatlarini amalda namoyon etdilar.
Bunday uchrashuvlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga sodiq, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, shuningdek, faxriylarimizga bo‘lgan ehtiromni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.