
Farg‘ona davlat universiteti hayotida yana bir quvonchli ilmiy voqea. Falsafa va milliy g‘oya kafedrasi o‘qituvchisi Abduraxmonov Rustam Baxromdjonovich tomonidan tayyorlangan “Oilaviy zo‘ravonliklarni oldini olishda gender identiklik omilining falsafiy-antropologik tahlili” mavzusidagi dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Mazkur ilmiy tadqiqot 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etildi va Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi PhD.03/28.08.2024.F.05.08 raqamli Ilmiy Kengash majlisida atroflicha muhokama qilindi.
Himoya jarayonida dissertatsiyada zamonaviy jamiyatda dolzarb bo‘lib borayotgan oilaviy zo‘ravonlik muammosining ijtimoiy-falsafiy ildizlari, gender identiklik tushunchasining mazmun-mohiyati hamda uning insoniy munosabatlar tizimidagi o‘rni falsafiy-antropologik yondashuv asosida chuqur tahlil qilingani alohida e’tirof etildi. Tadqiqot natijalari ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, oilaviy munosabatlarni sog‘lomlashtirish va jamiyatda gender tenglik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ilmiy kengash a’zolari, rasmiy opponentlar va yetakchi mutaxassislar tomonidan dissertatsiya ishining ilmiy yangiligi, nazariy va amaliy ahamiyati yuqori baholanib, Abduraxmonov Rustam Baxromdjonovichga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilindi.
Mazkur muvaffaqiyat dissertantning izchil ilmiy izlanishlari, falsafa faniga bo‘lgan yuksak mas’uliyati hamda Falsafa va milliy g‘oya kafedrasining ilmiy salohiyati tobora yuksalib borayotganining yaqqol ifodasidir.