
Farg’ona davlat universitetining Filologiya fakulteti adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti Qayumov Abduvahob Abdurashidovich tomonidan tayyorlangan “Istiqlol davri o‘zbek hikoyalarining struktural-poetik tadqiqi” mavzusidagi dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Mazkur ilmiy tadqiqot 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etildi hamda Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli Ilmiy kengash majlisida muhokama qilindi.
Himoya jarayoni yuqori saviyada tashkil etilib, dissertatsiya ishi ilmiy kengash a’zolari, rasmiy opponentlar va soha mutaxassislari tomonidan atroflicha tahlil qilindi. Tadqiqotda istiqlol davri o‘zbek hikoyachiligining badiiy tafakkuridagi yangilanishlar, janr va uslubiy izlanishlar, struktural hamda poetik xususiyatlar chuqur ilmiy asosda yoritib berilgani alohida e’tirof etildi.
Ilmiy kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan Qayumov Abduvahob Abdurashidovichga filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu natija dissertantning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari, adabiyotshunoslik sohasidagi salmoqli hissasi va ilmiy salohiyatining yorqin ifodasi hisoblanadi.
Mazkur ilmiy yutuq nafaqat muallifning shaxsiy muvaffaqiyati, balki adabiyotshunoslik kafedrasi hamda filologiya fakulteti ilmiy salohiyatining yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Tadqiqot natijalari kelgusida o‘zbek adabiyoti nazariyasi, istiqlol davri badiiy jarayonlarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.